Jahon | 22:20 / 09.09.2025
9397
5 daqiqa o‘qiladi

Urush yangi bosqichda. Pekindagi paraddan keyin

Azizlar, bugun Pekindagi harbiy parad Ukrainadagi urushga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida gaplashamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, o‘tgan hafta Rossiya to‘rt yillik urush davomida ilk marta Ukraina hukumati binosiga raketa uchirdi. Va Rossiya bu ishni Putin Xitoydagi paradga borib kelganidan keyin qildi. Quyida shu haqda.

Vazirlar mahkamasiga zarba

Demak, Rossiya 7 sentabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab raketa va dronlar yordamida aralash hujumni amalga oshirdi. 12 soat davom etgan hujum uchun ruslar 805 ta dron va 13 ta «Iskander-M» ballistik raketasidan foydalandi. Dronlardan aksari zarbdor bo‘lgan, shuningdek, havo mudofaa tizimini chalg‘itish uchun ham immitator dronlardan foydalanishdi. Ya’ni qimmat raketa uchirilishidan avval o‘sha hududga ko‘p dron uchiriladi, harbiylar dron bilan ovora bo‘lib qolganda, ballistik raketa uchadi.

Rossiya hozirgacha Ukrainaga hujum uchun bir oqshomda bu qadar ko‘p dron uchirmagandi. Ukrainlar 805 ta drondan 747 tasini, 13 raketadan 4 tasini urib tushirgan, lekin nishonga tekkan yettita ballistik raketaning o‘zi jiddiy vayrongarchilik uchun yetarli bo‘ldi. Axir bu oddiy raketa emas, davlatlar ballistik raketa sinov parvozi yaxshi chiqsa, bayram qilib yotibdi. Rossiya esa jonajon qo‘shnisiga kunda-kunora bunaqa raketalardan uchirib, shaharlarini vayron qilmoqda.

Bu galgi hujumning o‘zgacha jihati shundaki, Rossiya uchirgan ballistik raketalardan biri Ukraina vazirlar mahkamasi binosiga borib urildi. Hukumat binosining yuqori qavati va tom qismi jiddiy zarar ko‘rdi. Ukraina bosh vaziri Yuliya Sviridenko raketa tushgan joydan turib video e’lon qildi.

Paraddan keyin

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga to‘rt yil bo‘ldi. Bu vaqt davomida ruslar hukumat binolariga deyarli hujum qilgani yo‘q. Ko‘plab davlat tashkilotlari raketa parchalari, dron hujumi sabab zararlandi, bir marta Ukraina razvedka binosiga hujum qilindi, lekin mamlakat siyosiy rahbariyati ish joyiga ballistik raketa bilan hujum qilinishi — urush yangi bosqichga ko‘tarildi degani, nazarimda.

Bu voqea Pekindagi harbiy paraddan keyin sodir bo‘lgani ham bejiz emas. Putin do‘sti Si o‘tkazgan harbiy paradning bosh mehmoni bo‘lgani Rossiya Xitoy tomonidan jiddiy qo‘llovga egaligini bildiradi. Katta ehtimol, paraddagi ishtiroki, undan oldin Amerikaga borib Tramp bilan ko‘rishib kelgani Putinga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlagan.

Chindan o‘z qo‘shnisiga qarshi to‘rt yildan beri urushayotganiga qaramay, dunyodagi ikki eng qudratli davlatda uni iliq kutib olishdi, oyoqlari ostiga gilam to‘shashdi, izzatini joyiga qo‘yishdi. Istalgan odamda bunaqa takallufdan keyin demak hech nima bo‘lmaydi degan ishonch paydo bo‘ladi. Xitoy raisi Putin bilan uchrashuvda «Davay, o‘rtoq, oxirigacha bos», deyishi shart emas, chinliklar uni o‘z harbiy paradining bosh mehmoni deb e’lon qilganining o‘zi ko‘p narsadan darak beradi.

Urush boshlanganidan buyon Rossiyadagi urush tarafdorlari, televizordagi propagandachilar harbiy rahbariyatdan «qaror qabul qilinadigan markazlarga» (ruschada «sentram prinyatiya resheniy») zarba berishni talab qilib keladi. Katta ehtimol, Putin endi Kiyevdagi mana shunday «qaror qabul qilinadigan markazlarga» zarbalar seriyasi boshlanishiga ishora qildi. Endi rossiyaliklar orzu qilganiday Bankovaya ko‘chasiga zarba berilishi ham hech gap emas.

Bu vaqtda Ukrainaning vaziyati og‘ir. Kiyev qo‘li bog‘langan holda urushishga majbur. Amerikaning olisga uchadigan raketalari bilan hujum qilish mumkinmas, qiruvchi samolyotlar hujum qilish uchun juda kam, snaryad yetishmovchiligi kuchaygan, iqtisod kundan kunga og‘irlashmoqda. Va Tramp hali yana uch yil prezident bo‘ladi. Kelasi yilgi oraliq saylovlarda kutilmagan syurpriz bo‘lmasa agar.

Ana shunaqa gaplar. Biz urushni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. Muhim voqealar haqida albatta sizga xabar beramiz. Kun.uzʼdan uzoqlashmang. Eng ishonchli xabarlarni o‘tkazib yubormaslik uchun bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga obuna bo‘ling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Montaj ustasi — Boymirza Xalilov

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid