Iqtisodiyot | 18:49 / 10.09.2025
3825
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident banklarga raqamli xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida 1 mingta startapni qo‘llab-quvvatlash, «Open banking» tizimini joriy qilish, moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi aytilgan edi. Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi rejalar va takliflar yuzasidan axborot berdi.

Strategiyani puxta ishlab chiqish uchun, avvalo, me’yoriy-huquqiy baza, moliyaviy texnologiyalarning hozirgi holati, infratuzilma va kadrlar masalasi tahlil qilinmoqda. Singapurlik ekspertlar jalb etilib, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda. Shu asosda bu sohadagi milliy tamoyillar shakllantiriladi, institutsional arxitektura va idoralararo hamkorlik tartibi belgilanadi. Yakuniy maqsad barqaror, inklyuziv va raqobatbardosh moliyaviy xizmatlar ekotizimini yaratishdir.

Bugungi kunda moliya bozorini sun’iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarisiz rivojlantirib bo‘lmaydi. Tahlillarga ko‘ra, bular orqali banklar daromadini 20 foizga, moliyaviy xizmatlar hajmini 30 foizga oshirib, xavflarni 15 foizga kamaytirish mumkin.

Davlat rahbari banklarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirib, raqamli xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Sohada muvaffaqiyat mezonlarini aniqlash va boshqarish maqsadida Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinishi ma’qullandi. Ta’kidlanishicha, bu chora-tadbirlar kelgusida O‘zbekistonning mintaqaviy fintex markaziga aylanishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid