Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘qayev xalqqa murojaatida «ayrim urushvoz ayollar» haqida gapirdi
Qozog‘istonliklar prezidentni qaysi ayollar ranjitgani haqida bahslashmoqda.
Foto: akorda.kz
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev xalqqa murojaatida to‘satdan ba’zi ayollarning shovqin-suron ko‘tarib, behayolik qilishi haqida gapirdi. Va qozog‘istonliklarni u aynan kimni nazarda tutgani va nima uchun o‘z nutqida bu haqda gapirgani haqida bahslashishga majbur qildi.
«Tan olish kerak, - dedi To‘qayev, - hozir qo‘pollik, so‘kinish, janjallar odatiy holga aylangan, ularni ko‘pincha hatto jamoat joylarida, yo‘llarda ham kuzatish mumkin. Ayniqsa, ayollarning odamlar ko‘z o‘ngida janjal ko‘tarishi, behayo so‘zlarni aytishi, uyatsiz-buzuq ishlarni qilishi kishini ranjitadi. Madaniy, sivilizatsiyalashgan jamiyatda bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, ular mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazadi».
Prezident fuqarolarni ilg‘or millat bo‘lish uchun «bunday salbiy xulq-atvor namunalaridan» xalos bo‘lishga chaqirdi.
Davlat rahbarining bayonoti ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng muhokama va bahslarni keltirib chiqardi.
Keyinchalik Oqo‘rda stenogrammadagi tarjimaga tuzatish kiritdi (bu so‘zlar qozoq tilida edi), ammo u avvalgidan ham yomonroq chiqdi.
«Tan olish kerak, - dedi To‘qayev tuzatilgan variantda, - hozir qo‘pollik, so‘kinish, janjallar odatiy holga aylangan, ularni ko‘pincha hatto jamoat joylarida, yo‘llarda ham kuzatish mumkin. Afsuski, ular orasida janjal ko‘tarayotgan, behayo so‘zlarni ishlatayotgan, jamoat tartibini buzayotgan ayollar ham bor. Madaniy, sivilizatsiyalashgan jamiyatda bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, ular mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazadi».
Prezidentning bu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, bu so‘zlardan ranjigan ayollarni to‘xtatib bo‘lmasdi. Qozog‘istonliklar prezidentni qaysi ayollar ranjitgani haqida bahslashishni boshladi.
Ba’zilar To‘qayevni «mizoginiya»da [ayollarga nisbatan nafrat], shuningdek, o‘tgan yili oilaviy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirgan «Saltanat qonuni» va Jinoyat kodeksiga qaytgan kelin o‘g‘irlash moddasini, stalking [ayollarni noqonuniy ta’qib qilish] uchun jazoni bir zumda unutib qo‘yganlikda aybladi.
Boshqalar ko‘pchilik holatlarda aynan erkaklar zo‘ravonlik qilayotganini, ammo yakunda baribir «urushvoz ayollar» ayblanishini, balki ayollar o‘z huquqlarini boshqachasiga himoya qilishga ojiz bo‘lgani uchun «urushvoz bo‘lishga majbur» bo‘layotganini ta’kidladi.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Doniyor Ashimbayev o‘zining Telegram-kanalida To‘qayev «nafaqat maishiy amaliyotni, balki mamlakat axborot makonidagi vaziyatni ham, aytaylik, o‘nlab ayollar turli xil provokatsiyalar va janjallar bilan faol shug‘ullanayotganini nazarda tutganini» taxmin qildi.
Ashimbayev prezidentning xalqqa murojaatidan oldin yuz bergan mojaroga ishora qildi. Uning «tashabbuskori» Orda.kz sayti bosh muharriri Gulnora Bajkenova bo‘lgan va nashr bir necha kun davomida TIV rahbari, bosh vazir o‘rinbosari va To‘qayevning yaqin safdoshi Murat Nurtleu hibsga olinganini ta’kidlagan, biroq rasmiylar bu xabarni bir necha bor rad etgan edi.
Prezident murojaati arafasida Bajkenova o‘z Telegram-kanalida «yutqazgani», Nurtleu ozodlikda ekani va «mavzu yopilgani» haqida yozdi.
Prezidentning ayollar haqidagi so‘zlari haqiqatan ham Orda.kz mojarosiga tegishlimi, hech kim bilmaydi. To‘qayevning matbuot xizmati bu so‘zlarga aniq tushuntirish bermadi. Lekin bahs va muhokamalar qozog‘istonliklarning kun tartibidan hali tushmadi.
Yangilandi: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati To‘qayevning «urushvoz ayollar» haqidagi so‘zlariga izoh berdi. Ta’kidlanishicha, prezident murojaatni o‘qib eshittirar ekan, fuqarolarni har qanday qonunbuzarliklarga nisbatan murosasiz bo‘lishga chaqirgan.
«Shu bilan birga, davlat rahbari «ular (jamoat tartibini buzayotganlar) orasida afsuski, ayollar ham borligini» ta’kidladi. Ba’zilar buni ta’na sifatida qabul qildi, ammo ma’nosi butunlay boshqacha. Axir, azaldan go‘zallik, noziklik va uyg‘unlik timsoli bo‘lgan ayollar ham janjallarga aralasha boshlagan bo‘lsa, demak, xulq-atvor madaniyatining inqirozi haqiqatan ham jiddiy tus olgan», deb tushuntirdi Oqo‘rda.
Ta’kidlashicha, bu ta’na emas, balki jinsi, yoshi va kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga «jamiyatimizga hurmatli muloqot madaniyatini qaytarish, qo‘pollik va tajovuzkorlikdan voz kechishga» chaqiriqdir.
Mavzuga oid
23:01 / 15.12.2025
Qozog‘iston O‘zbekistonga neft tranzitini qayta tikladi
12:57 / 15.12.2025
Xitoy O‘zbekistonni ortda qoldirib Qozog‘istonga meva-sabzavot eksport qilish bo‘yicha yetakchiga aylandi
23:24 / 12.12.2025
Qozog‘iston eshiklari markaziy osiyolik migrantlar uchun «ochilishi» mumkin
15:30 / 12.12.2025