Iqtisodiyot | 12:03 / 11.09.2025
4599
3 daqiqa o‘qiladi

“So‘m yil boshidan beri 3-4 foiz mustahkamlandi” - Timur Ishmetov

Markaziy bankdagi matbuot anjumanida MB raisi Timur Ishmetov almashuv kursi haqida gapirib, “kursning shakllanishida Markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichlari yo‘q va bunga aralashmaydi”, - deya ta’kidladi. Ishmetovga ko‘ra, so‘m nominal kursi mustahkamlangan bo‘lsa-da, real almashuv kursi yil boshidan beri 4 foizga qadrsizlandi. U buning sabablarini izohladi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bankda asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov almashuv kursi haqida so‘z yuritdi. Ishmetovning ta’kidlashicha, milliy valuta kursi ichki valuta bozoridagi talab va taklif asosida shakllanadi. Markaziy bankning kursning shakllanishida maqsadli ko‘rsatkichlari yo‘q va bunga aralashmaydi.

“So‘m yil boshidan beri 3-4 foiz mustahkamlandi. Buning bir nechta sabablari bor: iqtisodiyotda xorijiy valuta taklifi sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda. Xususan, yanvar-iyunda oltinsiz eksport qariyb 20 foizga oshdi. Jami eksportimiz 20,4 mlrd dollarni tashkil etib, 37 foizga o‘sdi. Xorijiy investitsiyalar va qarz oqimi sezilarli oshishi kuzatilmoqda. Joriy yilning I yarmida 8,5 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu 37 foizlik o‘sish degani.

Yanvar-avgustda 12,1 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga ko‘proq. Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga sotilgan valuta hajmi sezilarli pasayib, valuta xaridiga nisbatan tafovut 5,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘proq. Banklar aholidan 40 foizga ko‘proq valuta sotib oldi”, — dedi Ishmetov.

MB raisiga ko‘ra, dollarning jahondagi boshqa valutalarga nisbatan 9-10 foizga qadrsizlanishi kuzatilgan. Bu ichki valuta bozorining infratuzilmasi takomillashtirilishi, “market maker” funksiyasi samarali ishlashi hamda bozorda faollik oshishi almashuv kursining tashqi shoklarga moslashuvchanligini oshirgan.

Almashuv kursi tebranuvchanligi oshishi milliy valutaning doimiy qadrsizlanishi haqidagi kutilmalarni kamaytiradi.

“Bu xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni valuta xatarlaridan himoya qiladi. Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini kamaytiradi. Pul-kredit siyosati samaradorligini yaxshilaydi”, — dedi Timur Ishmetov.

So‘m nominal kursi mustahkamlangan bo‘lsa-da, real almashinuv kursi yil boshidan beri 4 foizga qadrsizlandi. Bu ichki inflatsiyaning yuqori darajada saqlanishi va savdo hamkorlarining milliy valutasi so‘mga nisbatan ko‘proq mustahkamlanishi hisobiga yuzaga keldi.

“Savdo hamkorlarida joriy tendensiyalar va iqtisodiy kutilmalarni inobatga olib, so‘mning real almashinuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi kutilmoqda”, — dedi Markaziy bank raisi.

Mavzuga oid