Jahon | 08:10 / 15.09.2025
3471
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda ozod etilgan siyosiy mahbuslarning pasporti olib qo‘yildi

Sobiq mahbuslarga hujjatlar o‘rniga faqat A4 o‘lchamidagi vaqtinchalik qog‘ozlar berildi. AQSh va Yevropa ozod etilishni olqishladi, ammo repressiyani to‘xtatishni talab qilmoqda.

Foto: RFE / RL

11 sentabr kuni ozod etilgan Belarus siyosiy mahbuslari deportatsiyadan oldin Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) xodimlari ularning pasportlarini musodara qilganini aytdi. Xavfsizlik kuchlari anarxist Nikolay Dedkoning pasportini yirtib tashlagan. Ozod qilingan mahkumlarga pasport o‘rniga A4 formatidagi vaqtinchalik qog‘ozlar berildi. Bu hujjatlar to‘liq shaxsni tasdiqlovchi hujjatning xususiyatlariga ega emas, deb xabar qildi Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning idorasi.

«Odamlar milliy pasportlaridan mahrum etildi va majburan deportatsiya qilindi. Bu nafaqat inson qadr-qimmatini qo‘pol ravishda kamsitish, balki asosiy inson huquqlari va xalqaro huquqning buzilishidir. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni imzolagan Belarus harakat erkinligini ta’minlash va fuqarolik huquqini hurmat qilishga majburdir», dedi Tixanovskayaning huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Leonid Morozov.

Avvalroq, AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellogning o‘rinbosari Jon Koul Minskka tashrif buyurib, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan uchrashganidan so‘ng, hukumat 52 siyosiy mahbusni, jumladan, 14 nafar chet el fuqarosini Litvaga jo‘natib yubordi.

Mavzuga oid