Turizm | 15:06 / 15.09.2025
1117
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston - Pokiston sayyohlik operatorlari tarmog‘i tashkil etiladi

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi hamkorligida "O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro turizmni rivojlantirish yo‘lida B2B aloqalarini chuqurlashtirish" mavzusida ilk virtual turizm-forumi o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

Forumni Pokiston Turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Aftab ur Rehman Rana ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatlar o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi. Aftab ur Rehman Rana Uzbekistan Airways tomonidan Islomobod va Lahor shaharlariga yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ikki tomonlama hamkorlikka keng yo‘l ochganini ta’kidlab, xususiy sektor vakillarini mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga chaqirdi.

Pokiston bosh vazirining turizm bo‘yicha koordinatori Sardar Yasir Ilyas Xan tarixiy va madaniy mushtaraklik barcha yo‘nalishlarda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash uchun xizmat qilayotganini aytib o‘tdi. U yaqinda Islomobodda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan "roud-shou" tadbirini yodga olib, joriy yil noyabr oyida Toshkentda tashkil etiladigan "Ipak yo‘lida turizm" xalqaro yarmarkasida Pokistondan nufuzli delegatsiya ishtirok etishini ma’lum qildi. Mulozim, shuningdek, O‘zbekiston turizm qo‘mitasi va sohaviy kompaniyalarini Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turizm va investitsiya ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etdi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev o‘z navbatida, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, viza rejimining yengillashtirilishi va aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi ikki davlat turizm sohasidagi hamkorligiga qo‘shimcha turtki bo‘layotganini ta’kidladi. U Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarda ziyorat turizmi yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish zarurligini bildirdi.

Pokiston elchisi Ahmed Faruq esa turizm ikki xalqni yanada yaqinlashtiradigan muhim vosita ekaniga urg‘u berib, xususiy turistik kompaniyalarning yangi loyihalarini amalga oshirishda faol ishtiroki o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojida hal qiluvchi omil bo‘lishini qayd etdi.

Turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi Feruz Dodiyev O‘zbekistonning turistik salohiyati, xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar va investorlarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi. U 2024 yilda mamlakatimizga 10 milliondan ziyod xorijiy turist tashrif buyurgani O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi nufuzi oshib borayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Forum doirasida ikki mamlakat turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi, turistik kompaniyalar o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida "O‘zbekiston–Pokiston sayyohlik operatorlari tarmog‘i"ni tashkil etishga va qator qo‘shma onlayn uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid