Jahon | 08:49 / 16.09.2025
1330
2 daqiqa o‘qiladi

Tehron AEXA bilan hamkorlikni qayta tiklashni ma’qulladi

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining yadroviy qo‘mitasi avvalroq Qohirada tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi va agentlik bosh direktori Rafael Grossi tomonidan imzolangan AEXA bilan hamkorlikni tiklash to‘g‘risidagi kelishuvni ma’qulladi.

Foto: JOE KLAMAR/AFP/Getty Images

Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi yadroviy qo‘mitasi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorlikni qayta tiklash bo‘yicha avval imzolangan kelishuvlarni ma’qullaganini ma’lum qildi. Kengash kotibiyati bayonotini Eronning NourNews agentligi keltirgan. Milliy xavfsizlik oliy kengashiga taqdim etilgan hujjat 9 sentabr kuni Qohirada AEXA bosh direktori Rafael Grossi va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi tomonidan Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdel-Atti vositachiligida imzolangan.

Bayonot matniga ko‘ra, kelishuvlarni amalga oshirish Eron yadroviy inshootlari xavfsizligini ta’minlashga bog‘liq bo‘ladi. «Eron va uning yadroviy obektlariga qarshi har qanday dushmanona harakatlar, jumladan, BMT Xavfsizlik kengashining ilgari bekor qilingan rezolyutsiyalari tiklangan taqdirda, ushbu kelishuvlarning bajarilishi to‘xtatiladi», — deyiladi hujjatda.

Xalqaro tekshiruvlarning tiklanishi Eronga Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan e’lon qilingan yangi iqtisodiy sanksiyalardan qochishga yordam beradi. 2015 yilda bu uch davlat, shuningdek, AQSh, Xitoy va Rossiya Islom Respublikasi bilan Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun atom dasturi bo‘yicha kelishuv tuzgan edi. 2018 yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida AQSh bir tomonlama ravishda kelishuvdan chiqdi va Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid