Jahon | 12:00 / 16.09.2025
5213
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Venesuela kemasiga berilgan yangi zarba haqida ma’lum qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh harbiylari Karib dengizidagi xalqaro suvlarda yana bir kemaga zarba berganini ma’lum qildi. Trampning ta’kidlashicha, bu kichik kema Venesuelaga tegishli bo‘lib, AQShga giyohvand moddalar olib ketayotgan bo‘lgan.

Foto: DONALD TRUMP/TRUTH SOCIAL

Donald Trampning ma’lum qilishicha, zarba oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. AQSh prezidenti Truth Social tarmog‘ida barkas yoki katta motorli qayiqqa o‘xshash kichik kema portlashi aks etgan qisqa videoni e’lon qildi.

«Bugun ertalab mening buyrug‘im bilan AQSh qurolli kuchlari o‘ta xavfli narkokartellar va narkoterrorchilarga ikkinchi kinetik zarbani yo‘lladi», – deyiladi videoga izohda.

U «bu o‘ta zo‘ravon narkokartellar Qo‘shma Shtatlarning milliy xavfsizligi, tashqi siyosati va hayotiy manfaatlariga tahdid solishi»ni qayd etgan.

Tramp kemada giyohvand moddalar bo‘lganiga dalil keltirmagan.

Trampning bu bayonotidan oldin Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Venesuela Amerika agressiyasidan himoyalanishini aytgan va AQSh davlat kotibi Marko Rubioni «o‘lim va urush hukmdori» deb atagandi.

2 sentabr kuni ham Karib dengizining janubiy qismiga jo‘natilgan Amerika kemalari Venesuela kemasiga zarba bergandi. Zarba oqibatida kemada bo‘lgan 11 kishi o‘ldirilgan.

Marko Rubio dushanba kuni yana bir bor AQShda ushbu birinchi kema Venesueladan AQShga giyohvand moddalar olib ketayotgan bo‘lgani haqida 100 foiz ishonchli ma’lumotlar borligini aytdi.

«Nima qilish kerak deyilsa, bu qayiqlarning ba’zilarini portlatishni boshlash kerak deyman», – dedi Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida. U Nikolas Maduro AQSh milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solishi, chunki u giyohvand moddalar savdosiga aloqador ekanini ta’kidlagan.

AQSh Adliya vazirligi yozda Nikolas Maduro ko‘p yillar davomida «Quyosh karteli» (Cartel de Los Soles) deb nomlangan narkokartelni boshqarganini ma’lum qilgandi. AQSh Maduroni qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar va’da qilmoqda.

Rasmiy Karakas bu ayblovni qat’iyan rad etadi.

Nikolas Maduro dushanba kuni AQSh rahbariyatining so‘nggi harakatlari va bayonotlari tufayli Venesuela va AQSh munosabatlari butunlay buzilganini aytib chiqdi.

Yakshanba kuni jurnalist Trampdan AQSh endi Venesuelaning o‘ziga zarba berishni boshlash ehtimoli haqida so‘radi. Tramp shunday javob qaytargan: «Ko‘ramiz, nima bo‘larkin».

AQSh prezidenti Venesuela AQShga banditlar, narkodilerlar va giyohvand moddalar yuborayotganini takrorladi va birinchi zarbadan keyin Karib dengizining janubiy qismida harakat zichligi sezilarli darajada kamayganini aytdi.

Ba’zi ekspertlar xalqaro suvlarda kemaga zarba berish xalqaro huquqni buzish bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

Birinchi zarbadan ikki kun o‘tgach, Venesuela Amerika esminetsi ustidan ikkita F-16 qiruvchi samolyotining namoyishkorona parvozi bilan javob berdi.

Tramp bunga javoban Venesuelaning amerikalik dengizchilarni «xavfli vaziyatga qo‘yayotgan» samolyotlari urib tushirilishi bilan tahdid qildi.

Shanba kuni Venesuela tashqi ishlar vaziri Ivan Hil amerikaliklarni Venesuela baliq ovlash kemasini noqonuniy hibsga olishda aybladi. Hilning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylari trauler bortiga chiqib, uni sakkiz soat davomida ushlab turgan.

Venesuela axborot vazirligi sakkiz soat ushlab turilgan traulerning suratini e’lon qildi.

Venesuela tashqi ishlar vazirligi hibsga olishga buyruq berganlar Karakasda «rejimni o‘zgartirish maqsadida Karib dengizidagi urush eskalatsiyasini oqlash» uchun provokatsiya qilmoqchi ekanini ta’kidlagan.

AQSh Britaniya va boshqa ko‘plab davlatlar singari Nikolas Maduroni qonuniy saylangan prezident sifatida tan olmaydi. Venesuela muxolifati 2024 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, muxolifatchi nomzod Edmundo Gonsales katta farq bilan g‘alaba qozongan.

Mavzuga oid