O‘zbekiston | 10:59 / 19.09.2025
18278
5 daqiqa o‘qiladi

Norin tumani hokimi konteyner uyga ko‘chib o‘tdi

​​​​​​​Viloyat hokimligi matbuot xizmati prezident tashrifi ortidan «Namanganda 2-uyg‘onish davrini boshlangani»ni e’lon qildi. Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov kelib yashashi uchun Sho‘rariq mahallasida konteyner uy o‘rnatilgan. Bir necha yil oldin Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqovning o‘zi konteyner uyga ko‘chib o‘tish tashabbusini boshlab bergandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati

Namangan viloyati Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov prezidentning Sho‘rariq mahallasiga tashrifi vaqtida bildirgan tanqidlari ortidan ushbu mahallaga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida ma’lum qilingan.

«Prezidentimizning shu yil 16-17 sentabr kunlari viloyatimizga tashrifi tom ma’noda Namanganda 2-uyg‘onish davrini boshlab berdi.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida tegishli o‘rinbosarlar va mutasaddilar ishtirokida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasini Yangi Namangan mahallasiga aylantirish jarayoniga kirishildi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mahalla ahli, nuroniylar bilan uchrashuvda mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirish, bo‘sh turgan eski binolar o‘rnida sanoat zonasi tashkil etish, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berilgan.

Shuningdek, Yangi Namangan va uning atrofidagi 6 ta mahallani jadal rivojlantirish bo‘yicha master reja ishlab chiqish yuzasidan mutaxassislar, aholi vakillarining takliflari tinglangan.

Shu yerda barcha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi tashkil etilgan.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov Sho‘rariq mahallasida

«Norin tumani hokimi shu mahalla hududiga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tdi va bu bilan islohotlarni tezlatish, mavjud muammolarni joyida bartaraf etish, mahallani obod maskanga aylantirish imkoniyati yaratildi», – deyiladi xabarda.

Prezident 16 sentabr kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumani Sho‘rariq mahallasiga borib, og‘ir ahvoldagi mahalla binosini borib ko‘rgan va mavjud holat uchun mas’ullarni tanqid qilgandi.

Davlat rahbari viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga bu borada topshiriq bergandi. «Bugun qaror qabul qilasan – tuman hokimi kelib mana shu yerda yotadi. Bu yerdagi odamlar odam emasmi?» – degandi davlat rahbari.

Mahalla raisi prezidentga minnatdorchilik bildirayotganida dakki eshitgandi.

«Oylik olyapsiz-ku, yo olmayapsizmi? Harakatlaringiz sizlarni boshqacha bo‘ladi, odamga yaqinlashasizlar. Xalq bilan davlat orasida ko‘prik bo‘lasizlar, deb harakat qilganmiz. Bu yerda qanaqa „yettilik“? Qani „yettilik“?» – savol berdi davlat rahbari.

Mahalla raisi hudud tez orada kambag‘allikdan xoli hududga aylanishiga va’da bergandi.

«Bilasizlarmi, bunaqa joylarimiz bizga yarashmaydi, barakamiz ketadi. Ota-bobomizga ham, Namanganga ham, urf-odatimizga ham, o‘zligimizga ham yarashmaydi bu joylar», – degandi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda hokim va boshqa amaldorlarning konteyner uylarga ko‘chib o‘tish an’anasi oldin ham kuzatilgan, bu an’ana 2021 yil fevralida aynan Namangan viloyatida, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan boshlab berilgandi.

O‘shanda ham bu prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi vaqtida kutilmaganda Namangan shahridagi Bunyodkor mahallasiga yo‘lni burgani va mavjud ahvolni tanqid qilgani ortidan ro‘y bergandi.

Ko‘p o‘tmay viloyat hokimi ushbu mahalla aholisi bilan uchrashib, shu yerga ko‘chib o‘tishini ma’lum qilgan, unga maxsus konteyner uy qurilgandi.

Keyinroq bu tashabbus boshqa hududlarga ham tarqaldi, xususan, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Olot tumanidagi Davlatboy mahallasida g‘ildiraklar ustidagi vagonda shtab tashkil etdi.

Buxoro viloyatida 4-sektor rahbari soliq boshqarmasi boshlig‘i ham Kogon tumanidagi ko‘chma shtabga ko‘chib o‘tgani xabar qilingandi.

Shuningdek, Chirchiq shahar IIB boshlig‘i polkovnik Dilshod Muhammadjonov prezidentdan dakki eshitgach, mahallalardan biriga uning yashab ishlashi uchun konteyner uy o‘rnatildi.

Ushbu mas’ullar konteyner-uylarda chindan ham yashagani va qancha vaqt yashagani aniq emas, buning samarasi qanday bo‘lgani ham noma’lum.

Mavzuga oid