O‘zbekiston | 23:16 / 19.09.2025
8558
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika onkologiya markaziga turkiyalik mutaxassis rahbar etib tayinlandi

Avval Turkiyaning Sakariya viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Sedat Qoya Respublika onkologiya va radiologiya markazi rahbari etib tayinlandi. Uning oldiga O‘zbekistondagi onkologiya xizmatini jahon andozalari darajasiga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Turkiyalik mutaxassis Sedat Qoya Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga direktor etib tayinlandi. Bu haqdagi buyruqni sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov imzoladi, deb xabar qildi SSV matbuot xizmati.

Sedat Qoya dastlab Anqara universitetining tibbiyot fakultetida ta’lim olgan. Keyinchalik Anadolu universitetida biznes boshqaruvi, Otaturk universitetida tibbiyot muassasalarini boshqarish yo‘nalishlarida bakalavr hamda Sakariyo universitetida sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishida magistratura bosqichini tamomlagan.

Xorijlik mutaxassis 2011–2018 yillarda Sakariyo universitetining klinik shifoxonasi va Sakariyo davlat shifoxonalari ittifoqida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, Sakariyo sog‘liqni saqlash boshqarmasi vitse-prezidenti hamda boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Ta’kidlanishicha, yangi rahbar zimmasiga O‘zbekistonda onkologiya xizmatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, sohada zamonaviy menejmentni yo‘lga qo‘yish, xorij tajribasi asosida eng so‘nggi tashxis va davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish, joylarda skrining tadbirlari qamrovini yanada kengaytirish, shuningdek, sohaga sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, tizimni to‘liq raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash, tibbiy turizmni rivojlantirish hamda yosh kadrlarning bilim va salohiyatini mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bir qator vazifalar yuklangan.

19 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazib, beshta tibbiyot markaziga xorijiy professional menejerlarni jalb qilish yoki ularni xorijdagi nufuzli klinikalar boshqaruviga berish imkoniyatini o‘rganishni buyurgan edi.

Mavzuga oid