Jamiyat | 22:39 / 19.09.2025
48144
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qopda murda olib ketayotgan erkak ushlandi

Uning aytishicha, «jasad pochchasiga tegishli va uyiga kelganida o‘lib qolgan, shuning uchun ko‘mmoqchi bo‘lgan».

Samarqand shahrida erkak odam jasadini qopga solib, aravada olib ketayotgan paytda qo‘lga tushdi. Bu haqda Mahalla telekanali efirida xabar berildi.

Qayd qilinishicha, 24 avgust kuni Samarqandning «Navbog‘chiyon» va «Bo‘ston» mahallalari raislari hududni aylanib chiqish jarayonida ikki shaxsning shubhali harakatlarini payqagan. Ta’kidlanishicha, ular bolalar aravachasi bilan qabristonga ketayotgan erkak va ayolni ko‘rib qolgan. Aravachadagi yelim idishlar orasida qop yashirilgan bo‘lib, uning ichida jasad borligi aniqlangan.

Mahalla raislari ichki ishlar organlariga zudlik bilan xabar bergan. Tekshiruv davomida aniqlanishicha, fuqaro o‘z pochchasini o‘ldirib, jasadni qabristonga yashirishga uringan.

Mahalla raisining aytishicha, erkak ushbu jasad pochchasiga tegishli ekanini, uyiga kelganida o‘lib qolganini, shuning uchun ko‘mmoqchi ekanini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, ichki ishlar organlari xodimlari voqea joyiga yetib borib, jinoyatni fosh qilgan. Jinoyatning sabablari va gumondorlarga qanday jazo berilgani haqida xabarda ma’lumot keltirilmadi.

Ichki ishlar vazirligi mahalla raislari Adham Rahimov va A’zam Ostonqulovning «hushyorligi hamda tezkor xabar bergani» uchun ko‘krak nishoni bilan taqdirlagan.

Mavzuga oid