Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qumga ko‘milgan murda – Termizdagi mudhish qotillik tafsiloti
2025 yil 2 mart. Tong. Termiz shahrida ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “protsentchi” ayol yo‘qolib qolgani haqidagi gap el oralay boshlaydi. Uni taniganlar borki, bir ko‘ngilsizlikni sezganday bosh chayqab qo‘yishardi. Ha, aslida chindan ko‘ngilsizlik bo‘lgan, ayol yarim tunda uyidan o‘g‘irlab ketilib, Termiz tumani hududida o‘ldirilgan va qumga ko‘mib yuborilgandi. Qotilning kimligi aniq bo‘lganida esa odamlarning hayrati ikki karra oshdi.
Shunday qotilliklar bo‘ladiki, odamlarni jinoyat tafsiloti emas, uni sodir qilgan shaxs ko‘proq hayratga soladi. Chunki qotil hamma gumon qilgan emas, kutilmagan odam bo‘lib chiqadi. 2025 yil mart oyida Termiz tumanida sodir qilingan mudhish qotillik ham ko‘pchilikni shu ma’noda hayrat solgandi: qotilning kimligi oshkor bo‘lganida odamlar, hamkasblari nahotki, deya yoqa ushlab qolishgan.
O‘g‘irlab ketilgan ayol
2025 yil 2 mart. Termiz shahrining Guliston mahallasida yashovchi Sabina Valiyeva (maqoladagi barcha ismlar o‘zgartirilgan) yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘ladi. U Termiz tumanidagi “Marvarid” sanatoriysida hamshira bo‘lib ishlar, ishidan tashqari fuqarolarga foizga pul berish, ya’ni sudxo‘rlik bilan shug‘ullanardi.
Yaqin qarindoshlari ayolni izlashga tushishadi. Avvaliga Sabinaning uyiga o‘g‘ri tushgan, degan gumonda bo‘lishadi. Ammo vaziyat bundan ko‘ra jiddiyroq edi. Sabina Valiyeva uyi yonidan o‘g‘irlab ketilgan va Termiz tumani hududidagi qumlikka olib borib, pichoqlab o‘ldirilgan va murdasi o‘sha yerga ko‘mib ketilgandi.
Ko‘p o‘tmay ayolning murdasi o‘sha qumlikdan – ko‘milgan joyidan topiladi. Voqeadan xabar topganlar qotilning kim ekani haqida o‘ylashar, turli taxminlarni ilgari surishardi.
Yo‘qolgan pichoq va qotil xodim
Akmal Murodov Surxondaryo viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi 3-ishg‘ol qilish guruhi katta mutaxassisi – sapyor-portlatuvchisi lavozimida ishlardi. U va hamkasbi Elshod Qambarovga Surxondaryo viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi ma’muriy binosida bitta yotoqxona biriktirilgandi.
Odatda bitta yotoqxona 4 nafar xodimga mo‘ljallanadi. Biroq otryadda vakant shtatlar mavjudligi sababli 2 kishining joyi bo‘sh edi.
Akmal 2025 yil 1 mart kuni soat 8:00 larda ishga kelib, “razvod”da qatnashadi. U o‘sha kuni navbatchi edi. Biroq tug‘ilgan kuni munosabati bilan unga javob berishadi. Xonaga kirib, kiyimlarini almashtirayotgan Akmal shkafdagi o‘ziga tegishli tashvish qopidan orqa qismi oyna sindirish uchun mo‘ljallangan bolg‘achali pichog‘i yo‘qolib qolganini ko‘radi.
Ammo pichoq ertasi kuni topiladi: 2 mart kuni ishga kelgan Akmal ertalabki saflanishdan so‘ng xonasiga kirib, Elshoddan pichog‘ini ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘raydi. O‘zini biroz g‘alati tutgan Elshod konserva bankasini ochish uchun undan so‘roqsiz pichog‘ini olib, foydalanib turganini, qaytarib joyiga qo‘yganini aytadi. Biroz o‘tib esa xonadan chiqib ketadi.
Qotillikka yetaklagan qimor
Elshod Qambarov 1996 yilda Sherobod tumanida tug‘ilgan, 2018 yildan Surxondaryo viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi 3-ishg‘ol qilish guruhi katta mutaxassisi-haydovchisi vazifasida ishlab kelardi.
U 2019 yillarda tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlariga qiziqib qoladi. Avvaliga 1xbet orqali turli sport o‘yinlariga pul tikib yuradi. Bir-yarim yutuq chiqqanini ko‘rgach, qimorga mukkasidan keta boshlaydi. Elshod qimorga tikiladigan pul miqdorini oshirib borardi. Kuni kelib aksariyat qimorbozda bo‘lgan holatga Elshod ham duch keldi: u katta miqdorda pul mablag‘ini yuqazib qo‘yadi.
Qayerdan pul topishni bilmay boshi qotgan Elshod tijorat banklaridan onlayn mikroqarzlar olib, qarzini yopadi. Ammo qimor o‘ynashda davom etadi. Uning topgan maoshi qarzlarini qaytarish va qimorga ketardi.
Elshod sekin-asta foizga pul beruvchi insonlarni izlay boshlaydi. Uni Sabina bilan uchrashtirgai sabab shu edi. O‘shanda 2021 yilning yoz oylari bo‘lgan. Sabina bilan tanishgan Elshod avvaliga undan oyiga 10 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 5 mln so‘m, keyin yana bir-ikki marta kamroq miqdorda pul oladi.
U olingan qarzga hisoblangan foizlarni to‘lab boradi. 2022 yildagi voqealar sabab Elshodni Qoraqalpog‘istonga yuborishadi. U 1 yil davomida o‘sha yerda xizmat qiladi va 2023 yil avgustda Surxondaryoga qaytadi. Bu paytda Elshodning Sabina oldidagi qarzdorligi 12 mln 600 ming so‘mga yetgandi. U ushbu qarzdorlikni so‘ndirish uchun bankdan 12 mln so‘m mikroqarz olib, ayol bilan hisoblashadi. Ularning orasida 600 ming so‘m “oldi-berdi” qolgandi. Ammo Elshodga yana pul kerak bo‘lib qoladi va u Sabinadan bir marta 8 mln so‘m, keyinroq 3 mln so‘m qarz oladi.
Elshod Qoraqalpog‘istondan qaytgach, ancha vaqt onlayn qimor o‘ynamay ketgandi. Lekin 2024 yil oxirlariga kelib yana qimorga pul tika boshlaydi.
Buzilgan reja
Bir tomonda qimor, boshqa tomonda Sabinadan olingan va har oyda 10 foiz “tug‘ayotgan” qarz hamda bankdan olingan mikroqarz Elshodni qarz botqog‘iga botirgandi. Shu sababli u 2025 yil yanvar va fevral oylarida Sabinaga foiz pulini berolmaydi. Ayol esa unga qo‘ng‘iroq qilib, pulni to‘liq qaytarishni talab qiladi.
Elshod vaziyatdan chiqish uchun yo‘l qidirardi. Bu orada Sabina pulni tezroq qaytarishni, yo‘qsa bu haqda ota-onasiga aytishini ma’lum qilib, qistay boshlaydi. Ayolning do‘q-po‘pisalaridang‘qattiq g‘azablangan erkak uni o‘ldirish qaroriga keladi.
Elshod o‘sha kuni Telegram orqali Sabina bilan yozishib, u bilan “Zolotaya bochka” nomli umumiy ovqatlanish shoxobchasi yonidagi go‘zallik salonida uchrashishga kelishadi. Shu bilan birgalikda, ayolga pulni yashash uyidan olib berishni aytadi. Maqsad Sabinani uning o‘ziga tegishli Tracker mashinasida cho‘l hududiga olib chiqish va o‘ldirish edi.
Elshod hamkasbining Lacetti mashinasini oladi. Biroq mashinani viloyat kardiologiya markazi avtoturargohi yonida qoldirgan holda kelishilgan manzilga taksida boradi. Ular ayolning mashinasida o‘tirib suhbatlashadi. Sabina undan pulni olib kelgan-kelmaganini so‘raydi. Elshod unga javoban “Yo‘q, pul uyda, borib olib kelishimiz kerak, Uchqizilga haydang”, deydi. Ammo ayol bormasligini aytadi va pulni ertaga olib kelishni tayinlagan holda go‘zallik saloniga kirib ketadi. Shu tariqa erkakning tuzgan rejasi buziladi.
Yarim tundagi qotillik
Elshod nima qilishni bilmasdan Lacetti mashinasi tomonga qaytadi. U yarim tungacha mashinada Termiz shahrini aylanib yuradi. So‘ngra bir joyda to‘xtab, Telegram’ga qaraydi. Bu paytda soat 3:00 lar bo‘lgan va Sabina onlayn turgandi. Erkak unga “Opa, pulni bugun bersam bo‘lmaydimi? Ertaga vaqtim bo‘lmasligi mumkin, agar ko‘chada bo‘lsangiz, hozir oling”, deb yozadi. Ayol mayli, deya uyi yoniga chaqiradi.
Elshod soat 3:20 larda Sabinaning uyiga yetib boradi va tashqarida kuta boshlaydi. Birozdan so‘ng ayol uyidan chiqib, Lacetti yoniga keladi. Erkak unga mashina orqa o‘rindig‘iga o‘tirishni, o‘sha yerda pul borligini aytadi. Sabina mashinani aylanib o‘tib, orqa eshikni ochadi. Shu payt Elshod ayolga tashlanadi va uning sochidan ushlab, mashinani harakatga keltiradi.
U Sabinani 50 metrcha sudrab boradi va ko‘cha boshiga chiqib to‘xtaydi. Shunda ayol o‘zi mashinaga o‘tirishini bildirib, sochini qo‘yib yuborishni so‘raydi. Sabina o‘tirgach Elshod mashinani Termiz tumani Sabzipoya mahallasidagi qumlik tomonga boshqarib ketadi.
Manzilga yetib borganida Sabina Elshoddan uni o‘ldirish niyati bor yoki yo‘qligini so‘raydi. Erkak tasdiq ma’nosida bosh irg‘agach, ayol yalinishga tushadi. Biror joyga shikoyat qilmayman, barcha qarzingdan voz kechaman va yana pul beraman, deydi ayol. So‘ngra telefonidagi ilova orqali Elshodning bank kartasiga 24 mln so‘m o‘tkazib beradi.
Elshod Sabinaning telefonini olib, undagi ilovadan yashash xonadonidagi kuzatuv kamerasi tasvirlarini, shuningdek, o‘zi bilan bo‘lgan barcha yozishmalarni o‘chirib tashlaydi. So‘ngra mashinadan o‘zi avvalroq joylashtirib qo‘ygan, aslida hamkasbi Akmalga tegishli bo‘lgan pichoqni olib, ayolning ko‘krak qismiga, bel va kurak sohalariga zarba beradi. Shundan so‘ng Elshod Sabinaning murdasini qumlikka sudrab boradi. Tirik qolmasin deya yana bir-ikki marta pichoq uradi hamda murdani qumga ko‘mib tashlaydi.
Shu tariqa ortga qaytgan Elshod tong otishi bilan Termiz shahriga kirib keladi. Sabina bank kartasiga o‘tkazib bergan pulni bankomatdan naqdlashtiradi. Keyin avtomobillarni yuvish shoxobchasiga borib, mashinani hamda pichoqni yaxshilab yuvadi.
Elshod ertalab ishxonasiga keladi, pichoqni joyiga qo‘yadi va o‘zi “razvod”da qatnashadi. So‘ngra yashash uyiga ketadi. Ko‘p o‘tmay esa qo‘lga olinadi.
Jazo
Elshod Qambarov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j, i” bandlari, 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 3-qismi “b” bandi, 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoning dastlabki 1,5 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
17:36 / 02.12.2025
Termiz – Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolar harakati tiklandi
19:19 / 01.12.2025
Quvada erkak turmush o‘rtog‘i va ikki farzandini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda
16:28 / 20.11.2025
Kundalik fosh qilgan qotillik – Qozog‘istondagi shov-shuvli jinoyat ishida hukm o‘qildi
21:31 / 10.11.2025