Jamiyat | 09:03 / 22.09.2025
8521
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 15 yoshli qiz turmushga berilgani aniqlandi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy tarmoqlarda «15 yoshli qizni kim turmushga berdi?» sarlavhasi ostida tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: Getty Images

O‘rganish ishlari davomida ushbu holat Denov tumanidagi Ozod mahallasida yashovchi fuqaro A.R bilan bog‘liq ekani aniqlandi.

2025 yil iyul oyida qizni turmushga berish harakati bo‘yicha mahalla yettiligi va ijtimoiy xodimlar tomonidan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilib, voyaga yetmagan shaxsni turmushga berish qonun hujjatlariga zid ekani ta’kidlangan va oilaga ogohlantirish berilgan.

Shunga qaramay, 2025 yil 10 avgust kuni nikoh marosimi o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha mahalliy profilaktika inspektori tomonidan qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanib, aybdorlarga jarima belgilangan.

Hozirda A.R. Denov tumanidagi kasb-hunar maktabida ta’lim olayotgan bo‘lib, uning huquqlari va ta’lim jarayoni mutasaddilar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi va sog‘lom tarbiya topishi bo‘yicha qonuniy kafolatlar ta’minlanishini qat’iy nazoratda ushlab boradi hamda bu kabi holatlarga mutlaqo murosasiz yondashadi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid