Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moldovada tintuvlardan so‘ng o‘nlab kishilar qo‘lga olindi
Moldova prezidenti Mayya Sandu Kreml ovozlarni sotib olish uchun yuzlab million yevro yo‘naltirayotganini aytdi. Tintuvlar chog‘ida 74 kishi qo‘lga olindi.
Moldovada tintuvlar natijasida 74 kishi 72 soatgacha qo‘lga olindi. Bu haqda 22 sentabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurash prokuraturasi rahbari Viktor Furtune, politsiya boshlig‘i Viorel Cherneutsanu hamda Axborot va xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Mustyatse ma’lum qildi.
Qo‘lga olinganlarning barchasi Serbiyada rus razvedkasi xodimlari tomonidan ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonliklarni qo‘zg‘ash uchun tayyorgarlikdan o‘tganlikda gumon qilinmoqda. Bu ish 28 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan mamlakatni beqarorlashtirishga urinishlar bilan bog‘liq, deb xabar berdi IPN.
Furtunening so‘zlariga ko‘ra, ishda jami 111 kishi ishtirok etmoqda, ularning ba’zilari muntazam ravishda Serbiyaga maxsus tayyorgarlikdan o‘tish uchun borib kelgan. Ishtirokchilar har biri 400 yevrodan olgan hamda politsiya kordonlarini buzish taktikasi, qarshilik ko‘rsatish usullari, rezina tayoqlar va o‘qotar qurollardan foydalanish usullarini o‘rgangan.
«Kreml Dnestr daryosining ikkala qirg‘og‘ida va chet elda yuz minglab ovozlarni sotib olish uchun yuz millionlab yevro yo‘naltirmoqda», dedi Moldova prezidenti Mayya Sandu videomurojaatida. «Odamlar har kuni yolg‘on bilan zaharlanyapti. Ulardan yuzlab odamlar tartibsizliklar, zo‘ravonlik va qo‘rquv urug‘larini sochish uchun pul olmoqda».