Rossiya banki rahbari Elvira Nabiullina bir haftadan ortiq vaqtdan beri jamoatchilikka ko‘rinish bermadi. 4 iyun kuni u Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumini (PMEF), 9 iyun kuni Fond bozori ishtirokchilari milliy assotsiatsiyasi (NAUFOR) konferensiyasini, 10 iyun kuni Vladimir Putin bilan inflatsiya va asosiy stavka masalalari muhokama qilingan yig‘ilishni o‘tkazib yubordi.

Markaziy bank va Kremldagilar Nabiullina betob ekanini aytmoqda. Rossiya banki matbuot xizmati xabarida bank rahbari forum va konferensiyalarda betobligi tufayli qatnashmaganini ma’lum qilgan. Putin huzuridagi yig‘ilishdan keyin esa Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Nabiullina hali ham sog‘aymaganini bildirdi: «Odamlar ba’zida kasal bo‘lishadi, buning hech qanday o‘zgachaligi yo‘q. Bu qandaydir fitna nazariyalari uchun sabab bo‘lmasligi kerak». Nabiullina qanday kasallikka chalingani va u qachon ishga qaytishi aytilmagan. Uning ishtirokidagi keyingi tadbir iyul oyi boshida bo‘lishi kerak. «Meduza» bu borada Markaziy bankka so‘rov yuborgan, ammo javob ololmagan.

OAV va ekspertlar Markaziy bank rahbari yo‘q bo‘lib qolganini faol muhokama qilishmoqda. Nabiullinaning nomi Peterburgdagi iqtisodiy forumda qatnashuvchilar ro‘yxatidan yo‘qolib qolganida u MB siyosati haqidagi munozalarga qo‘shilishni xohlamagani yoki 3 iyun kuni vafot etgan maslahatchisi Aleksey Mojinning dafn marosimiga borishni (keyinroq ma’lum bo‘lishicha, u vidolashuv marosimiga ham bormagan) ma’qul ko‘rgani haqida taxminlar bildirildi. Putinning huzuridagi yig‘ilishdan keyin esa «Agenstvo» unda Nabiullina ham, uning o‘rinbosarlari ham qatnashmaganiga e’tibor qaratdi.

Nabiullinaning g‘oyib bo‘lishi uning (ehtimoliy) iste’fosi kontekstida o‘ziga e’tibor qaratdi. Gap shundaki, hozir Nabiullina Markaziy bank rahbari lavozimidagi uchinchi muddatida ishlamoqda va qonun bo‘yicha bu uning so‘nggi muddati bo‘lishi kerak. Uning vakolati bir yildan keyin, 2027 yil iyunida tugaydi. The Bell nashri yozishicha, uning o‘rniga uch nomzod ko‘rib chiqilmoqda – prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin, Promsvyazbank rahbari Pyotr Fradkov va Rossiya tashqi savdo banki (VTB) rahbari Andrey Kostin. Nabiullinaning vakolatlari to‘rtinchi muddatga uzaytirilishi va buning uchun qonunga o‘zgartirilish kiritilishi ham ehtimoldan xoli emas.

Markaziy bank rahbari o‘zgarishi – katta voqea. Ayniqsa bu Nabiullina bo‘lsa.