O‘zbekiston | 20:22 / 24.09.2025
14917
2 daqiqa o‘qiladi

Cobalt ishlab chiqarish ketma-ket beshinchi oy ham qisqardi

O‘zbekiston bozoridagi eng ommabop model – Cobalt ishlab chiqarish hajmi 2024 yilning mos davrlariga nisbatan ketma-ket beshinchi oy kamaydi. Qisqarish avgust oyida 8,4 foizni tashkil etgan. Shuningdek, Onix va Damas ishlab chiqarish hajmida ham sezilarli kamayish kuzatilgan.

Foto: Kun.uz

2025 yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda 284 ming 352 dona yengil avtomobillar ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi sharhida keltirib o‘tilgan.

Dastlabki 8 oylikda avtomobil ishlab chiqarish 2024 yilning mos davriga nisbatan 9,2 foizga oshgan. Respublikada ishlab chiqarilgan har 100 ta mashinaning 55 tasi Cobalt va Damas hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hisobot davrida Damas ishlab chiqarish 2,8 foizga, Cobalt ishlab chiqarish esa 3 foizga, Onix ishlab chiqarish 6,3 foizga qisqargan. Qolgan barcha modellarda sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Xususan, Cobalt ishlab chiqarish hajmi 2024 yilning mos davrlariga nisbatan ketma-ket beshinchi oy kamaydi: aprelda – 6 foiz, mayda 10,6 foiz, iyunda 7,84 foizga, iyulda 14,7 foizga, avgustda – 8,4 foizga.

O‘z navbatida, Tracker ishlab chiqarish 9 foizga, Cherry modellarini ishlab chiqarish 13,8 foizga, Kia modellarini ishlab chiqarish 34 foizga, Haval brendiga tegishli avtomobillar ishlab chiqarish esa 3,8 barobarga oshdi.

Ma’lumot uchun, birinchi yarimyillikda UzAuto Motors’ning sof foydasi ham 1,91 trln so‘mdan 1,38 trln so‘mgacha yoki 27,5 foizga kamaydi.  

Mavzuga oid