Jahon | 20:53 / 24.09.2025
1853
2 daqiqa o‘qiladi

Dallas migratsiya ofisidagi otishmada bir kishi halok bo‘ldi

Dallas shahrida AQSh Immigratsiya va bojxona xizmatining (ICE) mintaqaviy ofisida otishma sodir bo‘ldi. Bir necha kishi yaralandi va halok bo‘ldi, otishmani uyushtirgan mergan esa o‘zini o‘ldirdi.

BBC xabariga ko‘ra, politsiya Dallas shimoli-g‘arbidagi ofisda mahalliy vaqt bilan soat 7:30 atrofida otishma sodir bo‘lgani haqida xabar olgan.

Mergan qo‘shni binoning tomida o‘lik holda topildi, deb xabar berdi mahalliy WFAA telekompaniyasi manbalarga tayanib.

ICE rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Todd Layonsning CNN telekanaliga aytishicha, «dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap snayper haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin».

«Huquq-tartibot idoralariga, ayniqsa ICE ofislariga hujumlar to‘xtatilishi kerak. Men ushbu hujumda jabrlanganlarning barchasi va ularning oilasi uchun duo qilaman», deb yozdi AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens ijtimoiy tarmoqda.

Dallas politsiyasi ICE ofisidagi otishmada kamida bir kishi halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Ikki kishi o‘qotar quroldan olingan jarohatlar bilan kasalxonaga yetkazildi. Jabrlanganlardan biri voqea joyida vafot etgan. Gumonlanuvchi vafot etdi», deyiladi Dallas politsiyasining ijtimoiy tarmoqdagi postida.

«Dastlabki tergovda gumonlanuvchi qo‘shni binodan turib hukumat binosiga qarata o‘t ochgani aniqlandi», deyiladi politsiya bayonotida.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid