Jahon | 12:26 / 24.09.2025
2817
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Belarus bilan chegarani yana ochadi

Polsha-Belarus chegarasidagi o‘tish joylari 25 sentabrga o‘tar kechasi ochiladi, deya ma’lum qildi bosh vazir Donald Tusk.

Foto: Czarek Sokolowski/AP

Polsha 25 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya-Belarus harbiy mashg‘ulotlari «Zapad-2025» tufayli taxminan ikki hafta oldin yopilgan Belarus bilan chegara punktlarini qayta ochadi. «Ushbu mashg‘ulotlarning yakuni turli tahdidlarni kamaytiradi – garchi barham topadi deb ayta olmayman – va Polsha tashuvchilari va temiryo‘llarining iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda, biz bu chora o‘z maqsadiga erishdi, degan xulosaga keldik», dedi 23 sentabr, seshanba kuni bosh vazir Donald Tusk. Biroq, agar keskinlik kuchaysa, Varshava «tegishli qarorni ikkilanmasdan qabul qiladi», deb qo‘shimcha qildi.

Polsha bir tomonlama tartibda Belarus bilan chegarasini 12 sentabrga o‘tar kechasi butunlay yopib qo‘ydi. Uch kun avval bu qarorni e’lon qilar ekan, Tusk buni Belarusda 12-16 sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan, «harbiy doktrina nuqtai nazaridan juda agressiv» «Zapad-2025» manyovrlari boshlanishi bilan bog‘ladi.

10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning uchuvchisiz uchoqlari Polsha havo hududini misli ko‘rilmagan darajada buzdi. Umumiy hisobda xavfsizlik xizmatlari 21 ta dronni qayd etgan, ularning bir qismi urib tushirilgan. UUAning katta qismi Belarusdan kelgan. Dronlarni tutib olish uchun Polsha samolyotlaridan tashqari boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlari ham joylashtirildi. Dron parchalari Belarus va Ukraina bilan chegara yaqinidagi Viriki qishlog‘idagi uyga zarar yetkazdi, qurbonlar qayd etilmadi.

Varshava Rossiya ataylab Polshaga hujum qilganini va Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashuv haqida so‘raganini bildirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi Polshadagi nishonlarga zarba berish «rejasi yo‘qligini» ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid