Jahon | 19:59 / 24.09.2025
11837
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dronlari Novorossiyskka havodan va dengizdan hujum qildi

Turar joylar va Kaspiy quvurlar konsorsiumi zararlangan. Qurbonlar va yaradorlar bor.

Foto: Videodan kadr

24 sentabr kuni kunduzi Ukraina dronlari Novorossiysk shahrining markaziy hududlari bo‘ylab hujum uyushtirdi, deb xabar beradi Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev. Xuddi shu vaqtda dengiz dronlari (rossiyalik harbiylar ularni ekipajsiz kater deb ataydi) ham Novorossiysk portiga hujum qilgan — bu Rossiyadagi eng yirik dengiz porti bo‘lib, bu yerda xalqaro Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KTK) neft terminali hamda RF Qora dengiz floti harbiy-dengiz bazasi ham joylashgan.

Region operativ shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Novorossiyskka hujum oqibatida yettita turar joy binosi, jumladan, «Novorossiysk» mehmonxonasi shikastlangan. Shevchenko ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birining tomi yonib ketgan.

Ikki kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi yaralangan, ular orasida voyaga yetmagan bola ham bor. Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan. Ulardan 3 nafarining ahvoli og‘ir.

Shuningdek, 20 ta mashina shikastlangan, ulardan uchtasi butunlay yonib ketgan.

Shaharda favqulodda holat rejimi e’lon qilingan. Rasmiylar dronlar hujumini qaytarish davom etayotganini xabar qilgan. Gubernator shahar aholisidan «xavfsizlik choralariga rioya qilishni va iloji bo‘lsa, uyda qolish»ni so‘ragan.

Kaspiy quvurlari konsorsiumi vakillari dronlar hujumi tufayli kompaniya ofisi faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bino shikastlangan, xodimlar evakuatsiya qilingan. KTK ma’lumotlariga ko‘ra, ularning ikki xodimi yaralangan, biroq «kompaniya ishchilari bo‘lmaganlar orasida ham jiddiy jarohatlanganlar» bor.

Maskim Blinov / RIA Novosti / Sputnik / Scanpix / LETA

Rossiya dengiz va daryo transporti federal agentligi (Rosmorrechflot) dronlar hujumidan keyin Novorossiysk dengiz portida port infratuzilmasi va kemalarga zarar yetmaganini ma’lum qildi.

Krasnodar o‘lkasida dron hujumlari xavfi tufayli Gelenjik shahri rasmiylari har qanday suzish vositalari uchun dengizga chiqish yo‘lini yopib qo‘ydi, Tuapse va Sochida qirg‘oq bo‘yidagi odamlar evakuatsiya qilinmoqda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Novorossiyskka hujum yuzasidan izoh bermadi. Ukraina harbiylari ham bu borada hech qanday bayonot bergani yo‘q.

Mavzuga oid