Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nikolya Sarkozi besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini 2007 yilgi saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun Liviya sobiq rahbari Muammar Qazzofiydan millionlab yevro mablag‘ olishda aybdor deb topdi.
Foto: Getty Images
70 yoshli sobiq prezident 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu esa u sud zalida hibsga olinmasligi, balki bir oy ichida qamoqxonaga jo‘natilishini anglatadi. Bu unga qarshi uchinchi jinoiy ish bo‘lib, u ilgari ham haqiqiy qamoq jazosiga hukm qilingan, ammo bu uy qamog‘i bilan almashtirilgandi.
Le Mond nashri aniqlik kiritishicha, hukm kechiktirilishi Sarkozi bir oy ichida prokuraturaga chaqirilishini, u yerda unga qamoqqa olinadigan sana ma’lum qilinishini anglatadi. Apellyatsiya bunday ehtiyot chorasini to‘xtatib qo‘ya olmaydi.
Shuningdek, sudya Sarkoziga 100 ming yevro miqdorida jarima tayinlagan.
Sud uni faqat bitta ayblov bo‘yicha aybdor deb topdi. Sarkozi yana uchta band – saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish, Liviya davlati mablag‘larini suiiste’mol qilish va korrupsion sxemadagi passiv ishtirok bo‘yicha ishlarda oqlangan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, 2005 yilda o‘sha paytda ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Sarkozi va Qazzofiy o‘rtasida «korrupsion kelishuv» tuzilgan. Sarkozining saylovoldi shtabi kampaniyani xorijdan moliyalashtirishga qo‘yilgan taqiqni buzgan holda 50 million yevro olgan va bunga javoban fransuz siyosatchisi Qazzofiyga jahon arenasidan chetlatilishini to‘xtatishda yordam berishi kerak edi.
O‘shanda Sarkozi saylovda g‘alaba qozonib, Fransiya prezidentiga aylangan.
Sudya Natali Gavarino hukmni e’lon qilarkan, Sarkozi o‘z yordamchilariga mablag‘ olish uchun Qazzofiy bilan bog‘lanishga ruxsat bergani haqidagi ma’lumotni keltirdi. Biroq, sud Sarkozi kampaniyani noqonuniy moliyalashtirishdan foyda ko‘rgani haqida yetarli dalil topa olmagan.
Sarkozi barcha ayblovlarni rad etdi va o‘ziga qarshi ishlarni siyosiy sabablar bilan bog‘liq deb atadi. U apellyatsiya berishi kutilmoqda.
Ish bo‘yicha tergov 2013 yilda, Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Saif al-Islom Sarkozini otasining pullaridan saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun foydalanganlikda ayblaganidan ikki yil o‘tib boshlangandi.
Ayblov qisman ko‘p yillar davomida Fransiya va Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasida vositachi rolini o‘ynagan franko-livanlik tadbirkor Ziyod Takieddinning ko‘rsatmalariga asoslangan edi.
Ishda Sarkozining o‘zidan tashqari yana 11 nafar ayblanuvchi ishtirok etmoqda: ularning ba’zilari aybdor deb topilgan, boshqalari esa oqlangan.
Bu 2007-2012 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan 70 yoshli Sarkoziga qarshi uchinchi sud jarayoni bo‘ldi.
2021 yilda u korrupsiya va savdoga ta’sir qilishda aybdor deb topilib, bir yilga ozodlikdan mahrum etilgandi, keyinroq ikki yillik shartli qamoq jazosiga almashtirilgan – Nikolya Sarkozi qamoq muddati e’lon qilingan ilk Fransiya prezidenti bo‘lgandi. Boshqa bir ish bo‘yicha Sarkozi 2021 yil sentabr oyida aybdor deb topilib, shartli qamoq jazosiga hukm qilingan. Uchala holatda ham u o‘z aybini tan olmadi.
Mavzuga oid
13:37 / 27.11.2025
Fransiya sudi Nikolya Sarkoziga chiqarilgan ikkinchi hukmni tasdiqladi
17:58 / 26.11.2025
O‘zbek-fransuz universiteti tashkil etiladi
11:15 / 26.11.2025
Fransiyada Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan uch kishi qo‘lga olindi
08:23 / 15.11.2025