Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Osiyodagi eng yirik sho‘r ko‘l qurib ketdi. Nima uchun?
Osiyoning eng yirik sho‘r suv havzasi – Urmiya ko‘li deyarli butunlay qurib qoldi. XX asrning 80 yillarida ko‘lning uzunligi 140 kilometr, kengligi esa 55 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytga kelib undan qurib qolgan tub va kam sonli ko‘lmaklargina qolgan. Bunga qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun haddan tashqari ko‘p suv sarfi, uzoq davom etgan qurg‘oqchilik hamda yuqori harorat tufayli suvning tez bug‘lanishi kabilar sabab bo‘lgan.
Eronning shimoli-g‘arbida joylashgan, 4000 yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan Osiyoning eng yirik sho‘r suv havzasi – Urmiya ko‘li deyarli butunlay qurib qoldi, deya xabar berdi Bild.
1980 yillarda ko‘lning uzunligi 140 kilometr, kengligi esa 55 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning yoziga kelib undan faqat qurib qolgan tub va kam sonli ko‘lmaklargina qolgan. Buni sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmlar ham tasdiqlaydi.

Ekologlar va Eronning muxolifat ommaviy axborot vositalari Urmiya ko‘lining yo‘q bo‘lib ketganini katta falokat deya baholashyapti. Iran News Update ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda milliondan oshiq noqonuniy quduqlar bor, bu esa yillar davomida yerosti suvlarining kamayib borishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Holatni yomonlashtirayotgan yana bir omil qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Eronda suv resurslarining 88 foizini ushbu tarmoq iste’mol qiladi, ammo yalpi ichki mahsulotning atigi 10 foizini beradi. Natijada har yili tabiiy manbalardan 43 million kub metr suv ortiqcha sarflanyapti.

Vaziyatning kritik nuqtaga yetganini mamlakat prezidenti Ma’sud Pizishkiyon ham tan oldi. U iyul oyidagi chiqishlaridan birida «Tehronda haqiqatan ham suv qolmadi», deya ta’kidlab o‘tgandi. Pizishkiyonning so‘zlariga ko‘ra, hukumat poytaxtni ko‘chirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqyapti. Ayni paytda Tehronda 15 milliondan ortiq odam yashaydi.
Urmiya ko‘lining qurishi yuz minglab odamlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan: tuzli chang bo‘ronlari ko‘payishi tuproqni ifloslantiryapti va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishni deyarli imkonsiz holatga keltirib qo‘ygan.
Ko‘l nega qurigan?
Mutaxassislar ekologik falokatning bir necha o‘zaro bog‘liq sabablarini ko‘rsatmoqda: global iqlim o‘zgarishi fonida uzoq davom etgan qurg‘oqchilik, ko‘lni to‘ldiruvchi daryolar yo‘nalishi o‘zgarishiga sabab bo‘lgan to‘g‘onlarning qurilishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va shaharsozlik ehtiyojlari uchun haddan tashqari ko‘p suv sarfi.
Eronning G‘arbiy Ozarboyjon viloyati atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiloti bosh direktori Hojjat Jabbari 2025 yil iyul oyida Tasnim axborot agentligiga bergan intervyusida Urmiya ko‘lini tiklash endi imkonsiz ekanini tan olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu fojiani kuchli yog‘ingarchiliklarning kamayishi, haroratning oshishi tufayli bug‘lanishning ko‘payishi, bog‘lar va dehqonchilik yerlari maydonining tinimsiz kengayishi va eng asosiysi – Urmiya ko‘lini tiklash qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning amalda bajarilmagani yuzaga keltirgan.
«Bu to‘satdan sodir bo‘lib qolmadi, balki o‘nlab yillar davomida asta-sekin ro‘y bergan falokatdir. Har yili ko‘lning ortga chekinayotganini ko‘rardik, lekin jiddiy choralar ko‘rish kechiktirildi», degan Jabbari.
Ko‘lni saqlab qolish uchun nimalar qilingan?
2015 yilda Urmiya ko‘liga boshqa manbalardan suv olib kelish masalasi jiddiy muhokama qilingan. Xususan, Turkiyaning Van ko‘li yoki Gruziyadagi ko‘llardan. O‘sha paytda Urmiya ko‘lini tiklash markazi rahbari bo‘lgan, keyinchalik Eron vitse-prezidenti va atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiloti boshlig‘i lavozimida ishlagan Iso Kalontari Van Urmiya ko‘llari orasidagi masofa atigi 170 kilometr ekanini aytgan va buni texnik jihatdan imkonli ish deb hisoblagan. Muzokaralar boshlangan bo‘lsa-da, oxir-oqibat hech qanday kelishuvga erishilmaydi.
Eron rasmiylari hatto Turkiyada muzlatib qo‘yilgan 9 milliard dollarlik Eron neft daromadlari borligi, Urmiya ko‘liga suv olib kelish loyihasini amalga oshirish uchun esa atigi 1 milliard dollar kerak ekanini ta’kidlashgan. Siyosiy jihatdan Gruziya bilan kelishuvga erishish ancha osonroq bo‘lishi mumkin edi, biroq iqtisodiy tomondan bu loyihalar foydasiz deb topilgan.
Yana bir taklif — Aras daryosidan Urmiya ko‘ligacha kanal qurish rejasi edi. Bu g‘oya katta norozilikka sabab bo‘ladi. Ozarboyjonlik mutaxassislar mazkur loyiha mamlakatning Saatli, Sabirobod va Imishli tumanlarida og‘ir suv tanqisligiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirishgan. Ushbu reja ham moliyaviy muammolar sababli amalga oshirilmaydi.
Natijada oxirgi yigirma yil davomida Urmiya ko‘lining yashab qolishi faqat va faqat ba’zida yog‘adigan yomg‘irlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Urmiya ko‘lining yo‘qolishi nafaqat Eron, balki butun mintaqa uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Olimlar ko‘lning butunlay qurib ketishi natijasida ulkan qum va tuz bo‘ronlari yuzaga kelishini va Eron hududining chorak qismini qamrab olishini prognoz qilishyapti. Bunday tabiiy ofat nafaqat qishloq xo‘jaligi va infratuzilmalarni vayron qiladi, balki millionlab insonlar salomatligiga xavf soluvchi nafas yo‘llari kasalliklarini ham keltirib chiqaradi. Shundoq ham yerosti suvlari kamayib ketgani sababli ko‘plab qishloqlar bo‘shatilgan, artezian quduqlari qurib qolgan va dehqonchilik imkonsiz holga kelgan.
Urmiya ko‘li 1995 yilda boshlab quriy boshlagan, ya’ni Eronda choralar ko‘rish uchun 30 yillik imkoniyat bor edi. Afsuski, bu vaqt behuda o‘tib ketdi. Xalqaro tashkilotlar va ekologik guruhlar yordam taklif qilgan, lekin bu takliflar aksariyat holatlarda siyosiy sabablarga ko‘ra rad etiladi.
Quriyotgan ko‘llar
Iqlim o‘zgarishi tufayli sayyoramiz haroratining oshib borayotgani va 1990 yillar boshidan buyon insonlar tomonidan suv taqsimotiga kuchli ta’sir o‘tkazilishi jahondagi ko‘llar suvining yiliga millionlab gallonga kamayib ketishiga olib kelgan.
Hattoki yog‘in-sochin ko‘p bo‘ladigan hududlarda ham ko‘llar qurib qolyapti. Science jurnalida e’lon qilingan tadqiqotlarga ko‘ra, bunga bosh sabab — ko‘llardan suvlarning me’yordan ziyod bug‘lanishiga sabab bo‘layotgan issiq va quruq havo hamda suvlarni qishloq xo‘jaligi, elektr stansiyalari va ichish uchun olayotgan odamlar tufayli ro‘y bermoqda.
Mualliflar tabiiy hol sifatida uchinchi sababni ham tilga olishgan: yog‘in-sochinlarning kamaygani tufayli daryo o‘zanlarining o‘zgarishi. Lekin shu ham iqlim o‘zgarishi tufayli vujudga kelgan.
Doston Ahrorov tayyorladi
Mavzuga oid
17:31 / 04.12.2025
Past Darg‘omda cho‘chqaxona egalari havoni ifloslab kelgani aniqlandi
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
22:57 / 03.12.2025
Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?
20:28 / 03.12.2025