Jahon | 23:03 / 26.09.2025
9692
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar 117 yoshli ayolning uzoq umr ko‘rishi sabablarini aniqladi

Tadqiqotchilar fikricha, ayolning uzoq umr ko‘rishiga genetik va ekologik omillarning keng doirasi ta’sir ko‘rsatdi.

Foto: Getty images

Dunyodagi eng keksa odamlardan biri Mariya Branyasning sog‘lig‘ini sinchkovlik bilan baholash natijasida uning 117 yoshgacha yashashiga sabablardan biri juda yosh genom ekani aniqlandi. Bu haqda Science Alert xabar berdi.

Nashrning ta’kidlashicha, uning ba’zi noyob genetik variantlari uzoq umr ko‘rish, immunitet funksiyasi, yurak va miya salomatligi bilan bog‘liq.

Ispaniyalik olimlar Cell Repors Medicine jurnalidagi maqolada ushbu kashfiyotlardan «insonning qarish biologiyasiga yangicha qarash, sog‘lom qarish biomarkerlari va umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish uchun potensial strategiyalarni taklif qilish» uchun foydalanayotganini ta’kidlaydi.

Qayd etilishicha, natijalar Branyas 2024 yilda vafotidan oldin ixtiyoriy ravishda topshirgan qon, so‘lak, siydik va najas namunalaridan foydalanishga asoslangan.

Barselonadagi Jozep Karreras nomidagi Leykemiya tadqiqotlari institutining bir guruh olimlari Branyasning hujayralari uning xronologik yoshidan ancha yoshdek «his qilgani» yoki «o‘zini tutganini» aytdi. Ta’kidlanishicha, buvi o‘z vatani Kataloniyadagi ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligidan 30 yildan ko‘proqqa oshishga muvaffaq bo‘ldi.

Yoshi o‘tib qolganiga qaramay, Branyasning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan. Xususan, uning yurak-qon tomir tizimi a’lo darajada edi, shuningdek, yallig‘lanish darajasi past edi.

Bundan tashqari, uning immun tizimi va ichak mikrobiomasi sezilarli darajada yosh guruhlarga mos keladigan ko‘rsatkichlarga ega edi. 117 yoshli ayolda «yomon» xolesterin va triglitseridlar darajasi juda past va «yaxshi» xolesterin darajasi juda yuqori bo‘lgan.

Nashrning ta’kidlashicha, bu omillar uning a’lo darajadagi sog‘lig‘i va noodatiy uzoq umr ko‘rishini tushuntirishga yordam berishi mumkin.

Shunisi e’tiborga loyiq, Branyas intellektual, ijtimoiy va jismoniy jihatdan faol hayot kechirgan, ammo genetikada ham omadi kelgan. Yuqori yogurt tarkibiga ega bo‘lgan O‘rtayer dengizi diyetasi uning uzoq umr ko‘rishida ma’lum rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin, ammo genetik va ekologik omillarning keng doirasi ham ta’sir qilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, Branyas noyob shaxs bo‘lsa-da, faqat bir kishiga bag‘ishlangan tadqiqotlar olimlar uchun cheklangan qiymatga ega, chunki ularning natijalarini ekstrapolyatsiya qilish uchun keng ko‘lamli tadqiqotlar zarur.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid