Jahon | 15:40 / 26.09.2025
8539
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy urush tugasa, saylovda qatnashmaslikka tayyorligini aytdi

Shuningdek, u o‘z intervyusida agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Kremldagi amaldorlar eng yaqin bombapanagoh qayerda ekanini bilib qo‘yishlari kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Ukraina Rossiyaning zarbalariga mos ravishda javob qaytarishiga rozi bo‘lgan.

Foto: Jamie McCarthy / Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning Axios nashriga bergan intervyusida agar Rossiya bilan urushni tugatish mumkin bo‘lsa, ikkinchi muddatga saylanmaslikka tayyorligini aytdi.

«Agar biz rossiyaliklar bilan urushni yakunlasak, men [saylovlarga] bormaslikka tayyorman, chunki saylovlar men uchun maqsad emas. Men bu juda murakkab davrda yurtim bilan birga bo‘lishni, unga yordam berishni juda xohlardim. Mening maqsadim – urushni tugatish», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy 2019 yil may oyidan beri prezidentlik qilmoqda. Uning birinchi prezidentlik muddati 2024 yil may oyida tugashi kerak edi, biroq harbiy holat sharoitida Ukraina qonunchiligi yangi saylovlar o‘tkazishni taqiqlaydi, shuning uchun Zelenskiyning birinchi muddati avtomatik ravishda uzaytirildi. Bu Rossiya rasmiylariga Ukraina prezidentining «nolegitimligi»ni e’lon qilish uchun sabab bo‘ldi.

Shu bilan birga, Ukrainaning o‘zida, hatto Zelenskiyning siyosiy muxoliflari orasida ham u harbiy holat bekor qilinmaguncha prezident bo‘lib qolishi kerakligi haqida konsensus mavjud.

Zelenskiyning o‘zi ham urush tugab, harbiy holat bekor qilinganidan keyin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish muhimligi haqida bir necha bor gapirgan. U Axios’ga bergan intervyusida urush butunlay tugamasdan, Rossiya bilan uzoq muddatli sulh tuzilgan taqdirda ham saylovlar tezroq o‘tkazilishiga erishishini aytdi.

Oxirgi so‘rovlar ko‘rsatishicha, agar hozir saylov o‘tkazilsa, Volodimir Zelenskiy saylovchilarning eng ko‘p qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ladi. «Reyting» sotsiologik markazining avgust oyidagi tadqiqotiga ko‘ra, ukrainlarning 35,2 foizi unga, 25,3 foizi esa uning asosiy potensial raqibi, Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga ovoz berishga tayyor. Shu bilan birga, umumiy ishonch darajasi bo‘yicha Zelenskiy Zalujniydan ortda qolmoqda.

Zelenskiy yana nimalar dedi?

Zelenskiy intervyusida agar Rossiya urushni to‘xtatmasa, Kremldagi amaldorlar eng yaqin bombapanagoh qayerda ekanini bilib qo‘yishlari kerakligini aytdi.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Donald Tramp bilan uchrashuvi chog‘ida u Kiyev Rossiya zarbalariga «birga-bir» prinsipi bo‘yicha javob berishi kerakligi masalasini ko‘targan. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Amerika prezidenti Rossiyaning energetika infratuzilmasi obektlari va harbiy zavodlariga zarbalar berishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Trampdan Vladimir Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladigan yangi uzoq masofali qurollarni taqdim etishni so‘ragan. Zelenskiy Kiyev Vashingtondan aynan qanday qurol so‘rayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq agar uni oladigan bo‘lsa, undan foydalanishini qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina tinch aholini bombardimon qilmoqchi emasligini, chunki «ukrainlar terrorchi emasligi»ni ta’kidladi. Ammo u Kreml kabi Rossiya hukumati obektlari Kiyev uchun nishonga aylanishi mumkinligini bildirdi.

«Ular bombapanagohlar qayerda joylashganini bilishlari kerak.  Agar ular urushni to‘xtatishmasa, bu ularga baribir kerak bo‘ladi. Ular biz doimo javob berishimizni hisoba olishlari kerak», – dedi Zelenskiy Kreml rasmiylari haqida.

Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda Zelenskiyning bu so‘zlariga munosabat bildirgan. «U yaramas boshqa narsani bilishi kerak: Rossiya bombapanagoh yordam bermaydigan qurollarni qo‘llashi mumkin. Va amerikaliklar buni yodda tutishlari kerak», – deb yozdi u.

Mavzuga oid