Jahon | 18:26 / 27.09.2025
8588
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kolumbiya prezidentining Nyu-Yorkdagi nutqidan keyin vizasini bekor qildi

Gustavo Petro Nyu-Yorkda «falastinparastlar namoyishida» nutq so‘zlaganidan keyin AQSh Davlat departamenti tomonidan «mas’uliyatsiz va gijgijlovchi harakatlarda» ayblandi.

Foto: Michael Nagle/Bloomberg

AQSh rasmiylari Kolumbiya prezidenti Gustavo Petroning Nyu-Yorkdagi bayonotlari ortidan vizasini bekor qildi.

Qayd qilinishicha, Petro Nyu-York shahrida «falastinparastlar namoyishida» nutq so‘zlagan va AQSh harbiylarini prezident Donald Trampning buyruqlariga bo‘ysunmaslikka chaqirgan.

«... Kolumbiya prezidenti Nyu-York ko‘chasida chiqish qilib, amerikalik askarlarni buyruqlarga bo‘ysunmaslikka chaqirdi va zo‘ravonlikka undadi. Biz Petro vizasini uning mas’uliyatsiz va gijgijlovchi harakatlari tufayli bekor qilamiz», deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Qayd etilishicha, miting chog‘ida Petro G‘azodagi urushni «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat» deb atagan va «insoniyat javob berishi kerakligini» ta’kidlagan.

Gustavo Petro yoshligida M-19 so‘l radikal partizan harakati a’zosi bo‘lgan, demobilizatsiya qilinganidan keyin siyosat bilan shug‘ullangan. 1991 yilda Kolumbiya Vakillar palatasi deputati etib saylandi, 1994 yildan 1996 yilgacha mamlakatning Belgiyadagi elchixonasida ishladi, keyin yana parlamentga kirdi. 2006-2010 yillarda senator, 2012-2015 yillarda poytaxt Bogota shahri hokimi bo‘ldi. 2022 yil iyun oyida u prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi va 7 avgust kuni o‘z lavozimini egallab, Kolumbiya tarixida chap qanot vakillaridan birinchi prezident bo‘ldi.

Mavzuga oid