Jahon | 23:26 / 27.09.2025
4195
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi

Eron yadro dasturini cheklaydigan yadroviy kelishuv muddati shu yilning oktyabr oyida tugaydi, aynan shu kelishuvga asosan sanksiyalar yumshatilgan edi. Bu kelishuv uzaytirilmadi va BMT sanksiyalari yana tiklanadi.

Foto: Majid Asgaripour/WANA (West Asia News Agency) via REUTERS

BMT sanksiyalari to‘xtatilganidan 10 yil o‘tib, Eronga qarshi yana joriy etiladi. Ular 28 sentabr kunidan yana kuchga kiradi. Avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi ko‘pchilik ovoz bilan Xitoy va Rossiya tomonidan taklif etilgan va Eronga qarshi yengillashtirilgan sanksiyalar rejimini 6 oyga uzaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bloklagan edi. Kelgusi haftada Eronga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ham yana kuchga kirishi kerak.

Eron yadro dasturini cheklaydigan yadroviy kelishuv muddati shu yilning oktyabr oyida tugaydi, aynan shu kelishuvga asosan sanksiyalar yumshatilgan edi.

Bir oy oldin Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kelishuv tugaganidan keyin ularni amalga oshira olmasligidan qo‘rqib, Eronga qarshi sanksiyalarni tiklash jarayonini boshlagan edi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron ushbu kelishuvda ko‘rsatilgan uranni boyitish bo‘yicha cheklovlarni allaqachon buzgan. Eron, o‘z navbatida, 2018 yilda AQSh undan chiqqanidan keyin yadroviy kelishuvga rioya qilishga majbur emasligini ta’kidlamoqda.

Amerika va Isroilning Eron yadroviy obektlariga bergan zarbalaridan so‘ng, Yevropa va AQSh Eron bilan muzokaralarni qayta boshlashga urinib ko‘rdi, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Qayta tiklangan sanksiyalar Eron iqtisodiyotining bank, uglevodorod va mudofaa sohalariga zarba beradi.

23 sentabr kuni Eron oliy yetakchisi Ali Xomanaiy Eron yadro qurolini yaratmoqchi emasligini aytib, iqtisodiyotning turli sohalarini rivojlantirish uchun uranni boyitish dasturi muhimligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid