Jahon | 21:16 / 27.09.2025
8458
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Ukrainadagi mojaroni «urush baronlari» qo‘zg‘atayotganini aytdi

Turkiya adolatli tinchlik uchun mehnat qilmoqda, dedi mamlakat rahbari.

Foto: TRT Haber

Ba’zi «o‘yinchilar» Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlarni qo‘zg‘atdi, Turkiya esa tinchlik o‘rnatish uchun mehnat qildi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Bosphorus diplomatik forumida.

«Ko‘plab davlatlar suriyaliklardan yuz o‘girganida, biz ulardan yuz o‘girmadik. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroda ham shunday qildik. «Urush baronlari» olovga moy sepib turganda, biz adolatli tinchlik uchun mehnat qildik. Va hozir biz buni Falastinda, G‘azoda ham qilyapmiz», dedi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘an «o‘yinchilar» va «urush baronlari» deganida kimlarni nazarda tutganini tushuntirmadi.

2024 yil iyul oyida Erdo‘g‘an «ba’zi G‘arb davlatlari va doiralari Uchinchi jahon urushi boshlanishiga olib keladigan harakatlar kursini qo‘llab-quvvatlayotganini» aytdi. Shunda u «pul ishlashni istaydigan qurol savdogarlari borligini» va «G‘arb bozori ular uchun aniq yo‘nalish» ekanini ta’kidlagan edi.

2025 yil 23 sentabrda Turkiya rahbari Rossiya va Ukrainaning tinchlik muzokaralarini «katta ishtiyoq bilan» qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

«Biz urushda g‘oliblar yo‘q, adolatli dunyoda esa mag‘lublar yo‘q degan shiorga amal qilib, kelgusi davrda ham o‘t ochishni to‘xtatishga erishishda davom etamiz», dedi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid