O‘zbekiston | 12:10 / 27.09.2025
54132
11 daqiqa o‘qiladi

Qarshi–Xonobod harbiy bazasi. Nega AQSh harbiylari O‘zbekistonga kiritilgandi?

Asr avvalida O‘zbekiston va AQSh munosabatlari strategik darajaga ko‘tarilib, keng ko‘lamli harbiy va siyosiy hamkorlik rivojlana boshladi. 2001 yil 11 sentabr voqealari fonida har ikkala tomon uchun ham umumiy manfaatlar paydo bo‘ladi. Kun.uz Amerika harbiy xizmatchilarining O‘zbekistondagi 4 yillik faoliyati, ikki davlat aloqalarining to‘satdan sovuqlashib ketishi, radiatsiya va zaharlanish bilan bog‘liq holatlar haqida hikoya qiladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh harbiylarining O‘zbekistonga kirishi

2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh «Al-Qoida» terroristik guruhiga qarshi global urush e’lon qiladi. Guruhning asosiy tayanch nuqtasi Afg‘onistonda joylashgandi. Amerika prezidenti Jorj Bush Markaziy Osiyo davlatlariga murojaat qilib, terrorchilarga qarshi tezkor hujumlar uchun ularning aerodromlaridan vaqtinchalik foydalanishga ruxsat so‘raydi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov ushbu iltimosga birinchilardan bo‘lib ijobiy javob beradi. 2001 yilning oktyabr oyida AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Toshkentga shoshilinch tashrif bilan keladi va O‘zbekiston rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi. O‘sha paytda har ikkala tomon uchun ham umumiy manfaatlar paydo bo‘ladi.

Donald Ramsfeld (o‘rtada) va Islom Karimov (chapda) Toshkentdagi uchrashuvdan so‘ng.

Birinchidan, AQSh Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlar uchun geografik jihatdan qulay tayanch punktiga muhtoj edi. O‘zbekiston Afg‘onistonga qo‘shni mamlakat hisoblanib, Sovet Ittifoqidan qolgan aerodromlar infratuzilmasiga ega bo‘lgan.

Ikkinchidan, o‘sha paytda O‘zbekistonda ham notinchlik hukm surar, Karimovning turli ekstremistik guruhlardan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan xavotiri oshib borardi. Amerika tomoni O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga tahdid bo‘lsa, jiddiy e’tibor bilan qarashini va vaziyat taqozo etsa yordam ko‘rsatishini bildiradi. Shuningdek, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq tanqidlarga ham ko‘z yumilishiga ishoralar beriladi.

2001 yilning 5 oktyabr kuni O‘zbekiston rasmiy ravishda AQSh harbiy samolyotlari va askarlarining mamlakat hududida joylashishiga ruxsat beradi. Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani yaqinidagi Xonobod aerodromi (K2) Amerika harbiylari foydalanishi uchun ijaraga beriladi. Shu tariqa ikki davlatni terrorizmga qarshi kurashdagi umumiy manfaatlar birlashtirdi va Moskva e’tirozlariga qaramasdan, Toshkent va Vashington o‘rtasida harbiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Qarshi-Xonobod harbiy bazasi

Qarshi–Xonobod aerodromi nima vazifani bajargan?

O‘zaro kelishuvga ko‘ra amerikalik harbiylar O‘zbekiston hududiga kirib kela boshlaydi. Xususan, 2001 yilning o‘zida AQShning 10-gornizon diviziyasi shtab-kvartirasi K2 bazasiga joylashtiriladi. Qarshi– Xonobod aerodromidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Afg‘oniston hududiga havo hujumlarini uyushtirish uchun foydalanilmagan. K2 Afg‘onistonga askar va texnika yetkazib beradigan logistik markaz, transport va tibbiy evakuatsiya punkti hamda razvedka va qo‘llab-quvvatlovchi parvozlar amalga oshiriluvchi hudud vazifasini bajargan hamda yordamchi baza sifatida ishlatilgan. Asosiy harbiy harakatlar Qirg‘iziston (Manas), Pokiston va Afg‘onistonning ichidagi aerodromlardan amalga oshirilgan. Qarshi–Xonobod bazasida har doim 1300 nafardan kam bo‘lmagan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, 2001-2005 yillar mobaynida esa rotatsiya bo‘yicha 10 ming 100 nafardan 15 ming 777 nafargacha AQSh qo‘shinlari kelib-ketadi.

Foto: Johnny Lee

Pentagon tomonidan K2 aerodromidan foydalangani uchun qancha to‘lov amalga oshirgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ayrim manbalarda inshoot amerikaliklarga tekinga ijaraga berilgani, Pentagon xizmatlar, infratuzilmani yaxshilash va logistika uchun umumiy hisobda qariyb 39 mln dollar pul bergani haqidagi ma’lumotlar uchraydi.

Harbiy hamkorlik fonida AQSh–O‘zbekiston siyosiy aloqalari ham mustahkamlana boshlaydi. 2002 yil mart oyida Islom Karimov Amerikaga rasmiy tashrif bilan boradi. Muzokaralardan so‘ng mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta Strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya aynan Qo‘shma Shtatlar bilan imzolanadi.

Islom Karimov va AQShning 43-prezidenti Jorj Bush. Foto: politico

Taqqoslash uchun, xuddi shunday strategik sheriklik munosabatlari Rossiya bilan 2004 yilda o‘rnatilgan. Hujjatda AQSh O‘zbekistonning xavfsizligiga tahdid soluvchi har qanday xatarga jiddiy qarashini va Toshkentning mudofaa sohasidagi ehtiyojlarini qanoatlantirishga e’tibor qaratishini bildiradi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ichki siyosiy islohotlarni boshlashga, jumladan, ko‘ppartiyaviy tizim joriy etish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, nodavlat tashkilotlarga erkinlik berish hamda sud-huquq tizimini isloh qilishga va’da beradi.

AQSh harbiylarining O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi

2005 yil bahoriga kelib AQSh–O‘zbekiston aloqalarida jiddiy sovuqchilik yuzaga keladi. Shu yilning 13 may kuni Andijon shahrida sodir bo‘lgan qonli voqealar munosabatlarning yomonlashuvida burilish nuqtasi bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni AQShning Toshkentdagi elchixonasiga diplomatik nota yuborish orqali Xonoboddagi amerikaliklarga 180 kun davomida mamlakat hududini tark etishlarini so‘raydi. Masalan, o‘sha paytda Termizda Germaniya harbiy kontingenti ham faoliyat olib borayotgandi. Ammo nemis tarafiga bunday talab qo‘yilmaydi. Germaniya harbiylari 2015 yilning oxirigacha O‘zbekiston hududida qoladi.

Amerikaliklarga keskin talabning qo‘yilishi Andijon voqealaridan so‘ng Qirg‘izistonga qochib o‘tgan 450 nafarga yaqin o‘zbekistonlikni AQSh tomoni maxsus reys bilan Ruminiyaga uchirtirib yuborgani bo‘ladi. Bundan tashqari, 2005 yil iyul oyidagi Shanhay Hamkorlik Tashkiloti sammitida mintaqadagi AQSh harbiy bazalari borasida muhim bayonot qabul qilinadi. Unda “antiterror koalitsiyasi kuchlari” Markaziy Osiyodan chiqib ketishi uchun aniq muddat belgilash lozimligi qayd etildi, bu esa asosan AQShning O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi bazalariga qaratilgandi. ShHT bayonoti “Afg‘onistondagi jangovar harakatlarning faol fazasi yakunlanib borayotgani” bilan izohlanadi. 

Shuningdek, 2003-2005 yillarda Gruziya, Ukraina va Qirg‘izistonda ro‘y bergan “rangli inqiloblar” O‘zbekistonning birinchi ma’muriyatini sergak torttiradi. Shu tariqa, rasmiy Toshkent o‘z tashqi siyosat vektorlarini “kollektiv G‘arbdan Sharqqa” tomon bura boshlaydi. 

2005 yilning oxiriga kelib AQSh harbiylari Xonobod aerodromini to‘liq tark etadi. Samolyotlar, texnika va askarlar bosqichma-bosqich ko‘chiriladi. Ularning asosiy qismi Qirg‘izistondagi Manas bazasiga o‘tkaziladi. Qolgan bir qismi esa Afg‘onistondagi Bagrom va boshqa bazalarga joylashtiriladi. K2 yana O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari ixtiyoriga o‘tadi.

K2 aerodromi, 2005 yil
K2 aerodromi, 2006 yil

Radiaktiv zaharlanish

Oradan bir qancha yil o‘tib, Xonobod aerodromi yana e’tibor markaziga tushdi. Bunga 2019 yil dekabrda McClatchy nashrida chop etilgan surishtiruv turtki bo‘ldi. Unda O‘zbekistonda xizmatini o‘tashga to‘g‘ri kelgan kamida 61 erkak va ayol amerikalik harbiy xizmatchining sirli ravishda saraton kasaliga mubtalo bo‘lgani yoki vafot etgani keltirilgandi.

Qarshi-Xonobod aviabazasida kuchli yomg‘ir natijasida suv ostida qolgan chodirlar. Foto: Tony Harris

Buning ortidan Qo‘shma Shtatlarda katta rezonans yuzaga keldi. Ko‘plab bahs-munozaralardan keyin mamlakat Mudofaa vazirligining ko‘p varaqli 10 dan ortiq yopiq hujjatlari 2020 yilning yoziga kelibgina jamoatchilikka birinchi bor e’lon qilinadi. Unda haqiqatda harbiy xizmatchilar radiatsiya va toksik zaharlanishga moyil muhitga ro‘baro‘ kelganlari tan olinadi.

2021 yilning 19 yanvar kuni Donald Tramp birinchi prezidentligining oxirgi kunlarida Qarshi–Xonobod bazasida xizmat qilgan barcha faxriy harbiylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida farmon imzolaydi. Ma’lum qilinishicha, ushbu zona kimyoviy qurol qoldiqlari, qayta ishlangan uran va boshqa xavfli moddalar bilan zaharlangan bo‘lgan.

Foto: Tony Harris

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rasmiylari ham izoh bildirib, tarqalgan xabarlarni “mutaxassis bo‘lmagan odamlarning fikri” deya baholagandi. Ekologiya qo‘mitasi esa aerodrom bo‘yicha o‘rganish olib borilayotganini ma’lum qilgandi, ammo yakuniy xulosalar e’lon qilinmadi.

Yangi baza haqidagi mish-mishlar

2021 yilning aprel oyida Amerikaning ikki nufuzli nashri Wall Street Journal va The New York Times’da AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi yoki ular sonining keskin qisqartirilishi munosabati bilan mintaqada kelgusidagi harbiy amaliyotlarni o‘tkazish huquqini olish maqsadida Pentagon rasmiylari Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shu yilning oktyabr oyida Pentagon rasmiylarining O‘zbekistonga tashrifi kutilayotgani va uchrashuvlarda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etilishi ma’lum qilindi. Shundan so‘ng sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga AQSh harbiy bazalarini joylashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini, lekin terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro shartnomalar doirasida ikki davlat razvedka ma’lumotlarini almashishi mumkinligini ta’kidlab, mish-mishlarga nuqta qo‘ygandi.

Harbiy doktrina va Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga muvofiq, O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmasligi hamda o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymasligi qonuniy asoslar bilan belgilab qo‘yilgan.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Qurolli kuchlari mamlakat milliy manfaatlarini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish bo‘yicha yetarli salohiyatga ega hamda harbiylashtirilgan tashkilotlarga a’zo bo‘lishi va boshqa mamlakatlar harbiy bazalarini O‘zbekistonga joylashtirish uchun hech qanday ehtiyoj mavjud emas. 

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid