Jahon | 13:10 / 27.09.2025
3042
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament sobiq deputati Rossiya manfaati uchun pora olganini tan oldi

Britaniyalik siyosatchi Neytan Gill rossiyaparast faol Oleg Voloshindan pora olib, Yevroparlamentda Rossiya foydasiga bayonotlar bergan.

Foto: Dragan Maksimović/DW

Yevroparlamentning sobiq a’zosi va Uelsdagi o‘ng populistik Reform UK partiyasi sobiq rahbari Neytan Gill Rossiyaning Yevropadagi siyosiy manfaatlarini ilgari surish evaziga pora olganini tan oldi. Reuters agentligining xabar berishicha, siyosatchi buni 26 sentabr, juma kuni Londondagi Old-Beyli sud zalida tan olgan.

52 yoshli Gill 2018 yilning yanvaridan 2019 yilning iyuligacha olgan mablag‘lari bilan bog‘liq sakkizta poraxo‘rlik bo‘yicha aybini tan oldi. Siyosatchi pulni olishga rozi bo‘lgan, «bu o‘z vazifalarini bajarishda... saylangan lavozimdagi noto‘g‘ri xatti-harakat bo‘ldi», deya sud zalidagi nutqidan iqtibos keltiradi Reuters.

Sudya Bobbi Chima-Grabb ta’kidlaganidek, Gill unga Ukrainadagi urush kontekstida «rossiyaparast partiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun» Yevropa parlamentida savollar va bayonotlar berish uchun pul olganini tan olgan. Prokuror Mark Xeyvudning so‘zlariga ko‘ra, Gill boshqa narsalar qatori Yevroparlamentda o‘ziga kerakli masalalarni ko‘tarish va manfaatini ko‘zlab tadbirlar o‘tkazish uchun pul olgan. Siyosatchi 2020 yilda, Buyuk Britaniya YeIdan chiqqanidan keyin Yevroparlamentni tark etgan.

Britaniyalik o‘ng populistga qarshi ayblovlar uning telefonidagi WhatsApp messenjeri ilovasida ayblovchi xabarlar topilganidan bir yil o‘tib qo‘zg‘atildi.

Noyabrga rejalashtirilgan hukm chiqarilgunga qadar Gill sud zalidan garov evaziga ozod qilindi. Sudyaning ta’kidlashicha, uni «uzoq muddatli qamoq jazosi» kutmoqda.

Mavzuga oid