Sport | 08:49 / 28.09.2025
12566
8 daqiqa o‘qiladi

«Real» derbida 5 ta gol o‘tkazib yutqazdi

Mavsumni g‘alabali seriya bilan boshlagan Alonso ilk jiddiy sinovdan o‘ta olmadi, mavsum boshida muvaffaqiyatsizlikka uchragan Simeone esa o‘zini hisobdan chiqarishga hali erta ekanini isbotladi.

Foto: Angel Martinez/Getty Images

«Atletiko» – «Real» 5:2
Gollar:
Le Norman, 14 (1:0). Mbappe, 25 (1:1). Arda Guler, 36 (1:2). Serlot, 45+3 (2:2). Alvares, 51 – penalti (3:2). Alvares, 63 (4:2). Grizmann, 90+3 (5:2)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman, Gansko (Galan, 83), Liorente, Koke, Barrios, Gonsales (Grizmann, 83), Simeone (Molina, 90+2), Syorlot (Gallaher, 67), Alvares (Baena, 90+2)
«Real»: Kurtua, Eder Militau (Raul Asensio, 46), Hausen (Garsiya, 89), Karreras, Karvahal (Kamavinga, 59), Valverde, Tshuameni, Vinisius Junior, Arda Guler (Mastantuono, 59), Bellinghem (Rodrigu, 70), Mbappe
Ogohlantirishlar: Syorlot, 22. Gonsales, 40. Langle, 56. Simeone, 82. Gallaher, 90 – Arda Guler, 50. Raul Asensio, 58. Karreras, 62. Mastantuono, 90

«Real» La Liga startidagi olti turda maksimum natijaga erishdi. Yettinchisida Madrid derbisidagi jiddiy sinov kutayotgandi. «Atletiko» esa, aksincha, mavsum startida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘rinda joylashgandi. Ammo muhim nyuans bor edi: «Real» «Metropolitano» o‘yingohida 2022 yil sentabridan buyon g‘alaba qozona olmayotgandi. Yakunda bu seriya davom etdi, o‘yindan oldin imkoniyati past baholangan mezbonlar o‘yinning katta qismida ustunlik qilishdi va yirik hisobdagi g‘alabaga erishishdi.

Habi Alonso shu kuni klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan buyon ilk bor Bellinghemni boshlang‘ich tarkibga kiritdi, shu tufayli Guler o‘ng qanotga tushirildi, Mastantuono esa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Yozgi transferlar vaqtida tarkibi jiddiy o‘zgargan (sakkiz nafar yangi futbolchi xarid qilindi, o‘tgan yozda yettita transfer amalga oshirilgandi) «Atletiko» asta-sekin o‘yinini topib borayotganini ko‘rsatdi va o‘yinni raqibga nisbatan faolroq boshladi. Alvares qarshisida ikki futbolchi turganiga qaramay, hujum uyushtirdi va burchak zarbasi ishladi. Syorlot esa Kurtua bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishiga bir baxya qoldi – faqat to‘pga zarba berish o‘rniga oyog‘i ostiga tashlangan Militaoning oyog‘ini tepdi (braziliyalik himoyachini tanaffusda almashtirishga to‘g‘ri keldi). Keyinroq norvegiyalik hujumchi boshda yo‘llagan zarba to‘sin ostiga borayotganida darvozabon qutqardi. 14-daqiqada esa bosim golga olib keldi. Juliano Simeone o‘ng qanotdan uzatma berdi, Le Norman Tshuamenidan ildamroq harakat qilib, boshda aniq zarba berdi.

«Real» esa birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha hujumda hech narsaga erisha olmadi. 23-daqiqaga kelib zarbalar bo‘yicha ustunlik mezbonlar foydasiga 4:0 (uchtasi – darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), burchak zarbalari bo‘yicha 3:0 ko‘rinishida edi – mezbonlarning ustunligi yaqqol edi. Juliano va Syorlotda yana vaziyatlar bo‘ldi, ammo Kurtua yana o‘zini ko‘rsatdi. Keyin esa «Real» ilk jiddiy hujumida hisobni tenglashtirdi: Mbappe to‘pni o‘ng qanotdagi Gulerga oshirdi va jarima maydonida o‘zini taklif qildi, turkiyalik yarimhimoyachining himoyachilar orasidan o‘tkazib berilgan pasidan keyin olis burchakni aniq nishonga oldi.

Shundan keyin o‘yin qarama-qarshi kurslarda kecha boshladi. 37-daqiqada Le Norman maydon markazida to‘pni yo‘qotdi. Mbappe bundan foydalandi va to‘pni chap qanotdagi Vinisiusga uzatdi. U fint ishlatib, ikki raqibni ortda qoldirdi va to‘pni jarima maydoni markaziga yetkazdi, u yerda bo‘sh qoldirilgan Guler darvozani ishg‘ol qildi. Ardada 1+1, hisob bo‘yicha – 2:1 — mehmonlar o‘yini chiqmaganda ham individual ijrochilar evaziga maqsadga erisha oladigandek ko‘rina boshladi. Ammo hali hammasi oldinda edi.

Javob hujumida Alvaresning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi ustunni tenglashtirdi, bo‘lim oxirlarida esa burchak zarbasidan keyin Langle darvozani ishg‘ol etdi. Ammo VAR vaziyatga aralashdi va gol Maradona uslubida urilganini aniqlab, uni bekor qildi.

Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Syorlot baribir o‘z maqsadiga erishdi va uning golini bekor qilish uchun hech qanday sabab topilmadi: Koke autdan keyin to‘pni havolatib jarima maydoni markaziga yetkazdi, u yerda Syorlot Hausendan balandroq sakradi. Birinchi bo‘limning o‘zida hisob 2:2 ko‘rinishini oldi.

«Real» ushbu jamoaga qarshi o‘yinlarda «ikkinchi qavat» muammosini hal qila olmayapti: «matraschilar» la liga doirasidagi derbilarda so‘nggi o‘n golidan sakkiztasini bosh bilan urishgan. Syorlot esa ispan grandlari uchun haqiqiy dahshatli tushga aylangan. Skandinav hujumchi «Real» va «Barselona»ga qarshi o‘n to‘rt o‘yinda 11 marta darvozalarni ishg‘ol etgan. U statistikasini yanada yaxshilashi mumkin edi, ammo Kurtua bunga yo‘l qo‘ymadi.

Bu vaqtga kelib hisob «Atletiko» foydasiga o‘zgarib bo‘lgandi. Tanaffusda Alonso Militaoni maydondan olib, Asensioni tushirdi. Lekin «Atletiko»ning jarima maydoniga har qanday uzatmasi xavfli vaziyatga aylanaverdi. Shunday vaziyatlardan birida Guler havodagi to‘pni uzoqlashtirishga urinib, Gonsalesning yuziga tepib yubordi va jamoasi darvozasiga penalti qo‘yilishiga sababchi bo‘ldi. Alvares esa 11 metrdan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

«Atletiko» oldinga tashlanishda davom etdi. Alvares to‘purarlik tayoqchasini Syorlotdan qabul qilib olmoqchi ekanini ko‘rsatdi. O‘tgan turda «Rayo Valekano» darvozasiga het-trik qayd etgan argentinalik hujumchi Madrid derbisida dublni rasmiylashtirdi. Uning ikkinchi goli jarima zarbasidan to‘pni jonli devor ustidan oshirib, yaqin burchakka aniq yo‘naltirish orqali urildi.

Alonso Karvahal va Guler o‘rniga Kamavinga va Mastantuononi maydonga tushirib, uch markaziy himoyachi bilan o‘ynay boshladi. Lekin bu ish bermadi. Shu kuni maydonda yo‘qolib qolgan Bellinghem o‘rniga Rodrigoning tushishi ham hech narsani o‘zgartirmadi.

«Atletiko» hisobdagi ustunlikni xotirjamlik bilan ushlab turdi va o‘yin oxirida zaxiradan tushgan futbolchilarning sa’y-harakatlari bilan hisob yanada yiriklashtirildi. Qo‘shimcha daqiqalarda Baena qizg‘anchiqlik qilmadi va Grizmanni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, fransiyalik hujumchi mavsumdagi birinchi goli bilan hisobni 5:2 ko‘rinishiga yetkazib qo‘ydi. «Real» 75 yildan buyon ilk marta «Atletiko»dan beshta gol o‘tkazib yubordi. Mavsum startidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin tanqidlar ostida qolgan Simeone bir hafta ichidagi ikki g‘alaba bilan o‘zini oqladi va o‘zini hisobdan chiqarishga hali erta ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

«Metropolitano»da uch yildan buyon g‘alaba qozona olmayotgan «Real» hali ideal holatga kelmagani ko‘rinib qoldi, Alonsoning ilk mag‘lubiyati juda og‘riqli ko‘rinishda bo‘ldi.

«Barselona» esa bugun o‘z uyida «Real Sosedad»ni mag‘lub etsa, turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.

Mavzuga oid