Jahon | 23:27 / 29.09.2025
8555
2 daqiqa o‘qiladi

Alpinist Everestdan chang‘ida tushib, tarixga kirdi

Polshalik havaskor chang‘ichi Anjyey Bargel qariyb 9 ming metr balandlikka ega Everest cho‘qqisiga ko‘tarildi va qo‘shimcha kislorod ishlatmasdan chang‘ida pastga tushdi.

Foto: Red Bull Content Pool

37 yoshli polshalik havaskor chang‘ichi Anjyey Bargel Everest cho‘qqisiga ko‘tarilgan va qo‘shimcha kislorod ishlatmasdan chang‘ida pastga tushgan birinchi odam sifatida tarixga kirdi.

«Yuqoriga ko‘tarilishning o‘zi qiyin va mashaqqatli edi. Men hayotimda hech qachon bunday balandlikda bunchalik ko‘p vaqt o‘tkazmaganman, shuning o‘zi menga qiyinchilik tug‘dirdi. Everestdan kislorodsiz chang‘ida tushish yillar davomida qalbimda pishib yetilgan orzum edi», dedi Bargel.

Himolay tog‘lari ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, qariyb 9 ming metr balandlikka ega bu tog‘ga 6 mingdan ortiq odam ko‘tarilgan, ammo ulardan atigi 200 nafarga yaqini qo‘shimcha kislorod balloni ishlatmagan.

Tog‘ cho‘qqisida havo shu qadar siyrakki, alpinistlar nafas olish zarur bo‘lgan kislorodning atigi uchdan bir qismini oladi. Tarixda bir necha kishi chang‘ida pastga tushishga muvaffaq bo‘lgan, ammo ular kislorod ballonidan foydalangan.

The Guardian gazetasiga bergan intervyusida u shunday dedi: «Hech kim buning mumkinligiga ishonmagan, hatto tug‘ishgan akam ham bunga shubha qilgan. Bu menga sabrni qadrlashni va boshqa hech kim orzularingni amalga oshira olmasligini tushunishni o‘rgatdi».

Bargel jamoasi o‘z bayonotida bu «tog‘ chang‘isi sporti olamida inqilobiy voqea» ekanini ta’kidladi.

Uning yutug‘i inson chidamliligi, alpinizm va ekstremal chang‘i uchishni rivojlantirishdagi yutuq sifatida taqdim etiladi. Bu o‘ziga xos «dunyodagi birinchi» holat bo‘lib, qat’iyatlilik, mashq qilish va chidamlilik inson imkoniyatlari chegaralarini qanchalik kengaytira olishini isbotlaydi.

Mavzuga oid