Jahon | 11:35 / 29.09.2025
4065
2 daqiqa o‘qiladi

Belgorodda infratuzilmaga zarbadan keyin - blekaut

Belgorod gubernatori so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining zarbasi elektr ta’minotida sezilarli uzilishlarga sabab bo‘lgan. Telegram kanallarida shaharda elektr ta’minoti yo‘qligi, liftlar to‘xtab qolgani, jamoat transporti harakati uzilib qolgani haqida xabar berilgan.

Foto: Telegram / vvgladkov

Ukraina Qurolli kuchlari infratuzilmaga bergan zarbasidan so‘ng Belgorod elektr ta’minotida «juda jiddiy» uzilishlarga duch keldi, deya xabar berdi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov 28 sentabr, yakshanba kuni. Uning qo‘shimcha qilishicha, zaxira quvvatdagi ishlab chiqarishga ulanish uchun maksimal darajada sa’y-harakatlar qilinmoqda. "Beloblvodokanal" suv ta’minoti va Belgoroddagi shifoxonalar zaxira quvvat manbalariga o‘tdi.

«Hozirgi elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli sizni raketa tahdidlari yoki dron hujumlari haqida ogohlantirishda uzilishlar bo‘lishi mumkin», — dedi Gladkov Telegramʼdagi bayonotida. Gubernatorning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina hujumi oqibatida ikki tinch fuqaro jarohatlangan. Erkak kishi qornidan jarohat olgan, ayol kishiga esa barotravma tashxisi qo‘yilgan. Yaradorlar 2-sonli shahar kasalxonasiga yetkazilgan.

ASTRA Telegram kanali shaharning ayrim hududlarida elektr va suv ta’minoti uzilgani, Belgorod issiqlik elektr stansiyasi yaqinida tutun ko‘tarilayotgani haqida xabar berdi. Belgorod tumanida otishma ortidan elektr, suv va internet xizmatlari uzilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shaharda elektr energiyasi yo‘q, liftlar ishlamay qolgan, do‘konlar yopilgan yoki faqat naqd pul qabul qilyapti, jamoat transporti vaqti-vaqti bilan ishlamayapti, ayrim ko‘chalar yoritilmagan, svetoforlar nosoz holatda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqaning Stariy Oskol, Shebekino va yana bir qancha shaharlari qisman elektr ta’minotisiz qolgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid