Jahon | 18:42 / 29.09.2025
10857
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina zarbasidan keyin Belgorodda blekaut yuzaga keldi

Ukraina qurolli kuchlarining Belgorod issiqlik elektr stansiyasiga hamda boshqa energetik infratuzilma obektlariga raketa zarbasi oqibatida Belgorodning bir qismi elektr ta’minotisiz qoldi.

Foto: Belgorod ma’muriyati

IES bo‘ylab zarba kechqurungi soat yetti atrofida yo‘llangan. Natijada butun rayonlar toksiz qolgan, jumladan, ko‘chalardagi chiroqlar o‘chgan, svetoforlar ishlashdan to‘xtagan, ko‘pchilik liftlarda qamalib qolgan.

Shuningdek, Belgorod IESdan elektr oladigan shahar atrofidagi bir qancha aholi yashash manzillari, jumladan, Shebekino va Stariy Oskol ham svetsiz qolgan.

Keyinroq gubernator Vyacheslav Gladkov elektr uzatishda zaxira sxemalariga o‘tilayotgani va taxminan ikki soatdan keyin elektr ta’minoti tiklanishini aytib chiqdi. Ammo ko‘plab rayonlarda butun tun bo‘yi svet yonmagan. Nasoslar o‘chishi tufayli suv ta’minotida ham uzilishlar ro‘y bergan.

Dushanba kuni ertalabki holatga ko‘ra, Belgorodda uylarning bir qismi elektr va issiqlik ta’minotisiz qolayotgandi. Bir muddat elektr qaytgan uylarda yana chiroqlar o‘chgan.

Shaharning ayrim hududlarida ertalabdan do‘konlar ishlamadi, svetoforlar ishida uzilishlar davom etdi, ayrim ko‘chalarda tartibga soluvchilar ishlashiga to‘g‘ri keldi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib rasmiylar iste’molchilarning 90 foizi uchun elektr ta’minotini tiklanganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari gubernator Gladkov yashaydigan uyda tun bo‘yi chiroq yonib turgani va u yerda «generator ovozi eshitilgani»ga e’tibor qaratishgan. Bunga javoban amaldor «na issiq, na sovuq suvi» bo‘lmagani va ishda yuvinishga majbur bo‘lganini aytdi.

Mavzuga oid