Jahon | 13:28 / 30.09.2025
1769
2 daqiqa o‘qiladi

Eron yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasidan chiqishga tayyorlanmoqda

Tehronning yadroviy dasturiga qarshi BMT sanksiyalari tiklanganidan so‘ng, Eron parlamenti mamlakatning Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishini nazarda tutuvchi qonun tayyorlamoqda.

Foto: Iranian Presidency via ZUMA Press/picture alliance

Eron parlamenti mamlakatning Yadro qurollarini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishini nazarda tutuvchi qonun tayyorlamoqda. Iyun oyida Isroil va AQShning Eron yadro inshootlariga bergan zarbalari va "Yevrouchlik" (Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya) tomonidan BMT sanksiyalari qayta tiklanganidan keyin Tehron parlamenti mamlakatning shartnomaga a’zoligida davom etishi uchun hech qanday sabab ko‘rmayapti, deya ogohlantirdi parlament xavfsizlik qo‘mitasi matbuot kotibi Ibrohim Rizoiy. Uning 29 sentabr, dushanba kungi bayonoti Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador Tasnim axborot agentligi tomonidan keltirildi.

Rizoiyning so‘zlariga ko‘ra, shartnomadan chiqish bo‘yicha 15 ta qonun loyihasi taqdim etilgan va ulardan biri allaqachon ishlab chiqilgan. Biroq hujjat hali Eron parlamentining rasmiy kun tartibiga kiritilmagan. Rizoiyga ko‘ra, buning amalga oshishi uchun parlament a’zolari hali «konsensus»ga kelishi kerak. Eron parlamentida mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning diplomatik kursini keskin tanqid qilgan qattiqqo‘l tarafdorlar ko‘p. U va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi shartnomadan chiqishga qarshi va BMT sanksiyalari tiklanganidan keyin ham diplomatik yechim ustida ishlashda davom etishini bildirmoqda.

Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, strategik masalalarda so‘nggi so‘z oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiyga tegishli. Kuzatuvchilarning fikricha, u shartnomadan chiqish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishidan oldin uni tasdiqlash kerak, deya xabar beradi dpa.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid