Sport | 20:02 / 30.09.2025
6312
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FA Kannavaro bilan muzokara o‘tkazmoqda

Bu so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonga kelishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan beshinchi mutaxassisdir.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi milliy jamoaga xorijlik murabbiy olib kelish uchun urinishni davom ettirmoqda.

Taniqli insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, O‘FA italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaroga rasmiy taklif bilan chiqqan.

Manbaga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.

Bundan oldinroq OAVda Kannavaro O‘zbekiston taklifini rad etgani va Italiyadagi klublardan taklif kutayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda 52 yoshda bo‘lgan Fabio Kannavaro futbolchilik faoliyatida katta yutuqlarga erishgan. U 2006 yilda Italiya milliy jamoasi bilan jahon chempioniga aylangan va mundialdagi kuchli ishtiroki uchun o‘sha mavsum yakunlariga ko‘ra «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi.

Ammo Fabio murabbiylik faoliyatidagi natijalari bilan maqtana olmaydi. U «Guanchjou Evegrand», «Udineze», «Benevento», «Dinamo» Zagreb kabi klublarda va Xitoy milliy jamoasida muvaffaqiyatsiz ishlagan.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga xorijlik murabbiy olib kelinishi haqida muntazam ravishda xabarlar chiqmoqda. Avvaliga O‘FA 2014 yil Germaniyani jahon chempioniga aylantirgan Yoaxim Lyov bilan muzokaralar olib borgan, yakunda tajribali mutaxassis bu taklifni rad etgandi. Turkiyalik Fotih Terim haqida ham xabarlar chiqdi, ammo bu variant muzokaralar darajasiga yetib bormadi.

Keyinroq O‘FA portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentuni milliy jamoa bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqaldi. Ammo ushbu mutaxassis bilan muzokaralar kelishuv bilan yakunlanmagandi, ya’ni u ham taklifni rad etgan.

Shuningdek, OAVda xorvatiyalik mutaxassis Slaven Bilich O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga kelishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgandi.

Ayni paytda O‘zbekiston milliy jamoasini Temur Kapadze boshqarib turibdi. Jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan ushbu mutaxassis kelajagi borasida bir qarorga kelinmayotgani o‘ziga noqulaylik tug‘dirayotgani haqida bir necha bor aytib o‘tgan.

Mavzuga oid