Iqtisodiyot | 16:33 / 30.09.2025
17882
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand avtomobil zavodi 80 mln dollarga sotildi

Xaridor – Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi. U xarid qiymatidan tashqari, 12-18 metrli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 80 mln dollar investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan. Anadolu Isuzu'ni o‘z ichiga oluvchi Anadolu Group 2021 yilda Coca-Cola Uzbekistan'ni 252 mln dollarga sotib olgandi. O‘zbekistondagi eng yirik avtozavod – UzAuto Motors ham xususiylashtirilishi belgilangan.

Foto: SamAuto

Samarqand avtomobil zavodidagi ulushlarning nazorat paketi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga sotildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, kompaniyaning 75,2 foiz ulushi uchun xaridor davlatga 80 mln dollar to‘laydi va yana 80 mln dollar investitsiya kiritadi.

Qo‘shma korxonaning Yaponiyadagi ishtirokchilari – Itochu Corp va Isuzu Motors (har ikkisi 12,4 foizdan ulushga ega) davlat ulushining Anadolu Isuzu'ga sotilishini qo‘llab-quvvatlagan.

Ushbu xususiylashtirish bo‘yicha Turkiya kompaniyasi bilan 2024 yil iyun oyida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Hozirga kelib, yakuniy kelishuvni O‘zbekiston hukumatining xususiylashtirish bo‘yicha komissiyasi ma’qullagan. Bitim Turkiya regulyatori ruxsat berganidan keyin yakunlanadi.

Davaktiv xabarida aytilishicha, xaridorning 80 mln dollarlik investitsiya majburiyati doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli (12–18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

“Investorning narx taklifi moliyaviy konsultant KPMG tomonidan SamAuto'dagi davlat ulushini sotish mumkin bo‘lgan narxlar oralig‘ida joylashgan va xalqaro mustaqil baholovchi “PwC” xalqaro kompaniyasi tomonidan aniqlangan qiymatga muvofiq”, – deyiladi rasmiy relizda.

Jarayonda yuridik konsultant sifatida Dentons qatnashgan.

SamAuto haqida

Samarqand avtomobil zavodi 1996 yilda “AvtoVAZagregat” zavodi negizida, Turkiyaning Coç Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Zavodning dastlabki nomi “SamKochAvto” bo‘lgan va unda UzOtoyol brendi ostida avtobuslar ishlab chiqarilgan.

Bugungi kunda zavod Isuzu brendi ostida yuk mashinalari va avtobuslar, shuningdek, Isuzu D-Max pikaplarini ishlab chiqaradi.

“O‘zavtosanoat” ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-avgust oylarida Samarqand avtomobil zavodida 309 ta avtomobil ishlab chiqarilgan.

Xaridor haqida

Ma’lumot uchun, Anadolu Isuzu kompaniyasi – 1965 yilda Anadolu Group (Çelik Montaj) kompaniyalar guruhi tarkibida ​tashkil etilgan.

Anadolu Group 2021 yilda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan” MChJ ustav kapitalidagi 57,1 foiz davlat ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgan va o‘tgan davrda 250 mln dollar investitsiya (2 ta yirik zavod qurilishi va 1 ta zavod modernizatsiya ishlari) kiritilgan.

UzAuto Motors ham sotiladi

O‘zbekiston avtosanoatidagi eng yirik va monopol mavqega ega korxona – Asaka avtomobil zavodi va boshqa aktivlarga egalik qiluvchi UzAuto Motors ham xususiylashtirilishi kutilmoqda.

2025 yil aprel oyida imzolangan prezident farmoniga asosan, 2025 yil 4-choragida UzAuto Motors'ni sotish uchun konsultant jalb etilishi, 2026 yil 1-choragida ommaviy savdo e’lon qilinishi kerak.

Shuningdek, Toshkent motor zavodi – UzAuto Motors Powertrain'dagi davlat ulushini xususiylashtirish uchun 2025 yil 3-choragida konsultant jalb etilishi kerak edi, ammo hozirgacha bu haqda xabar berilmadi. Ommaviy savdoni e’lon qilish 2025 yil 4-choragiga belgilangan.

Mavzuga oid