Jahon | 10:29 / 30.09.2025
3052
2 daqiqa o‘qiladi

YouTube Trampning akkauntini bloklagani uchun millionlab pul to‘laydi

Donald Trampning YouTubeʼga qarshi da’vosi 2021 yilgi Kapitoliydagi tartibsizliklar ortidan uning akkauntining bloklanishi bilan bog‘liq edi. U Facebook va Twitterʼga qarshi ham xuddi shunday da’volarni qo‘zg‘atgan.

Skrinshot

YouTube videoxostingi AQSh prezidenti Donald Trampning 2021 yildagi Kapitoliy tartibsizliklari ortidan o‘z akkauntini 2021 yilda vaqtinchalik bloklagani yuzasidan bergan da’vosini hal qilish uchun 24,5 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda 30 sentabr, seshanba kuni AP xabar berdi.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, ushbu summaning 22 million dollari Oq uydagi bal zalini qurish uchun mas’ul bo‘lgan Trust for the National Mall tashkilotiga yo‘naltiriladi. Qolgan 2,5 million dollar ish bo‘yicha boshqa da’vogarlar, jumladan, yozuvchi Naomi Vulf va Amerika konservativ ittifoqi o‘rtasida taqsimlanadi.

YouTubeʼga egalik qiluvchi Alphabet Donald Tramp bilan da’voni hal qilgan uchinchi yirik texnologiya kompaniyasiga aylandi. U Oq uyni tark etgach, 2021 yilda ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini noqonuniy senzura deb hisoblagan holda bloklanishiga qarshi sudga da’vo qilgan.

Trampning Facebook, Instagram, YouTube va Twitter sahifalari prezidentlik saylovi natijalaridan norozi bo‘lgan tarafdorlari Kapitoliy binosiga bostirib kirganidan so‘ng bloklangan edi. Ijtimoiy tarmoq rahbarlari Tramp o‘z postlari bilan hujumni ma’qullagan degan xulosaga keldi.

Yanvar oyida Meta Platforms Trampning Facebook akkauntini bloklagani bilan bog‘liq da’vosini hal qilish uchun 25 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. X kompaniyasi Trampning Twitterʼga qarshi da’vosi uchun 10 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid