O‘zbekiston | 21:00 / 02.10.2025
5866
4 daqiqa o‘qiladi

Qurigan millionlab ko‘chat va odamlarni aldagan turfirma – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bahorda ekilgan ko‘chatlarning 27,5 milliontasi qurib qoldi

O‘zbekiston bo‘ylab «Yashil makon» dasturi doirasida bahorda ekilgan 137 millionta ko‘chatning 27,5 millioni qurib qolgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentabr kungi yig‘ilishda bu holatni tanqid qilgani ma’lum bo‘ldi.

Mas’ullar buni bahor va yoz o‘rtasida issiq kunlar tez kelib qolishi, oqibatda ko‘chatlar unishga ulgurmagani bilan izohlamoqda. Shu munosabat bilan daraxtni kuzda ekishni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Toshkentda transport vositalari ekologik tekshiruvdan o‘tkazilmoqda

10 sentabrda boshlangan «Toza havo» oyligi tadbirida muntazam YPX maskanlarida, ko‘chalarda hamda avtokorxonalarga kirish-chiqish joylarida foydalanishda bo‘lgan 26 900 ta avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida Toshkent shahrida 367 ta transport vositasi atmosferaga me’yordan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi aniqlandi. Ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan avtotransport haydovchilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilgan. Tadbir 10 oktyabrgacha davom etadi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari ochiladi

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etiladi.

Hujjat bilan 2025 yilda ochish rejalashtirilayotgan filiallar ro‘yxati, shuningdek 2026–2027 yillarda qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilayotgan filiallar ro‘yxati tasdiqlandi.

Filiallarga qabul 7-sinfdan boshlanadi, bunda bir sinfda o‘quvchilarning eng ko‘p soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda, qabul parametrlari Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan belgilanadi.

Bir oyda tabiatga 46,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi

O‘zbekistonda sentabr oyida tabiatga 46,7 milliard so‘mlik zarar yetkazildi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.

Oy davomida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish (39 ta), daraxt kesish (36 ta), baliq ovlash (15 ta), qurolni noqonuniy saqlash va ov qilish (6 ta), ekologiyani ifloslantirish (20 ta) kabi huquqbuzarliklar aniqlangan.

Toshkentda sayyohlik firmasi odamlarni chuv tushirdi

«Lastochka Planeta» MChJ chet elga sayohatga jo‘natish va’dasi bilan o‘nlab odamlarni aldagani ma’lum bo‘ldi. «Drujba Travel» nomi ostida faoliyat yuritgan turagentdan jabrlangan fuqarolar sayohatga yuborilmagani, to‘langan pullar ham qaytarib berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

«Drujba Travel» faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda taniqli bloger va san’at sohasi vakillari tomonidan reklama qilingan. Murojaatchilar ana shu reklamalarga ishonib borganini ta’kidlamoqda.

Kun.uz jurnalisti «Drujba Travel» ofislari yopiqligi, ish faoliyati to‘xtatilgani, telefon raqamlari ishlamayotganini aniqladi.

Mavzuga oid