O‘zbekiston | 19:08 / 03.10.2025
10250
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xalqaro narkoguruh a’zolari ushlandi

Transchegaraviy uyushgan narkoguruh bir necha yildan buyon Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyati va Toshkent shaharlarida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Foto: Videodan kadr

Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona xizmati xodimlaridan iborat tezkor guruh tomonidan o‘tkazilgan transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi xalqaro tezkor-qidiruv tadbiri natijasida 111 kg giyohvandlik moddalari (81 kg gashish va 30 kg opiy) musodara qilindi. Bu haqda Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlari hududida xalqaro uyushgan narkoguruhning olti nafar a’zosi qo‘lga olindi.

Jumladan, 13 sentabr kuni Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs giyohvandlik vositalarini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlangan. Jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi ikki nafar a’zosi 10 kilogramm gashish giyohvandlik vositalarini ko‘mib qo‘yilgan joydan olayotgan vaqtida ushlandi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlar davomida jinoiy guruhning Andijon viloyatida yashovchi ikki nafar a’zosi tumanda joylashgan oshxonada 6000 AQSh dollari evaziga 1 kilogramm miqdordagi opiy giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtlarida qo‘lga olindi. Toshkent viloyatining Angren shahrida davom ettirilgan tezkor tadbirda muqaddam uch marotaba sudlangan shaxs 5 kilogramm opiy giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.

Transchegaraviy uyushgan narkoguruh bir necha yildan buyon Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyati va Toshkent shaharlarida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Har bir holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda qolgan jinoiy guruh a’zolarini qo‘lga olish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilmoqda.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid