Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh qabul qilinadigan qochqinlar sonini rekord darajada qisqartiradi
Joylarning aksariyati «adolatsiz kamsitishga» duchor bo‘lgan shaxslar va janubiy afrikalik oqtanlilar - kelib chiqishi holland, nemis va fransuz bo‘lgan mustamlakachilarning avlodlari uchun ajratilishi kutilmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 2026 yilda qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha rekord darajadagi past chegarani o‘rnatmoqchi. Bu haqda The New York Times gazetasi manbalar va tegishli hujjatlarga tayanib yozdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kvota 7,5 ming kishini tashkil etadi. Bu o‘tgan yili sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan o‘rnatilgan 125 ming kishilik kvotadan 16 baravar va Trampning o‘zi birinchi prezidentlik davrida o‘rnatgan kvotadan (15 ming) ikki baravar kam.
Joylarning aksariyati «adolatsiz kamsitishga» duchor bo‘lgan shaxslar va janubiy afrikalik oqtanlilar - kelib chiqishi holland, nemis va fransuz bo‘lgan mustamlakachilarning avlodlari uchun ajratilishi kutilmoqda.
Bu boradagi yakuniy qaror, Oq uy vakili so‘zlariga ko‘ra, AQSh Kongressi bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilinadi. Hukumat shatdaun tufayli bu maslahatlashuvlarni hozircha o‘tkaza olmaydi. Bundan tashqari, 1 oktyabrda boshlangan yangi moliya yilida AQSh hozircha birorta ham qochqinni qabul qilmaydi, dedi nashr suhbatdoshi. Bu demokratlar va respublikachilar budjet bo‘yicha kelishuvga erishmaguncha davom etadi.
Joriy yil avgust oyida Reuters agentligi manbalarga tayanib, Oq uy 2026 yilga mo‘ljallangan qochqinlarni qabul qilish dasturini 40 ming kishigacha qisqartirishini yozgan edi.
Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri qochqinlar va migrantlar masalasida o‘ta qat’iy siyosatni ilgari surmoqda. Amerika shaharlarida migratsiyaga qarshi ommaviy reydlar o‘tkazilmoqda, hokimiyat o‘z mamlakatiga qaytmoqchi bo‘lgan migrantlarga subsidiya taklif qilmoqda.