Jahon | 11:48 / 04.10.2025
1438
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada o‘ta muhim parlament saylovlari boshlandi

Chexiya yevropaparast yo‘nalish yoki Rossiya tomon burilish o‘rtasida tanlov qilmoqda. O‘ng populist Andrey Babish yetakchilik qilyapti, bosh vazir Petr Fiala esa qo‘llab-quvvatlovini yo‘qotmoqda.

Foto: Vit Simanek/CTK Photo/IMAGO

Chexiyada parlament saylovlari boshlandi, u mamlakat siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirishga olib kelishi mumkin. Saylov uchastkalari 3 oktyabr, juma kuni soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00)da ochildi va 22:00 (Toshkent vaqti bilan 01:00)gacha ishladi, so‘ngra shanba kuni ertalab ochiladi. Sakkiz milliondan ortiq fuqarolar ovoz berish huquqiga ega va shanba kuni soat 14:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00)gacha ovoz berishi mumkin.

ANO partiyasi rahbari, o‘ng populist va milliarder Andrey Babish to‘rt yillik muxolifatdan so‘ng hokimiyatga qaytish uchun yaxshi imkoniyatga ega. STEM agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, uning siyosiy partiyasini saylovchilarning 29,3 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Babish, boshqa narsalar qatorida, Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish tarafdori.

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala va uning o‘ng markazchi «Birgalikda» (Spolu) bloki esa o‘z kuchini yo‘qotmoqda va faqat 20,5 foiz ovozga ishonishi mumkin. Biznesmen Tomio Okamuraning o‘ta o‘ng, muhojirlarga qarshi «Ozodlik va to‘g‘ridan to‘g‘ri demokratiya» partiyasi uchinchi o‘rin uchun kurashmoqda.

Sotsiologlarning fikricha, ovoz berish arafasida saylovchilarning uchdan bir qismi hali bir qarorga kelmagan. Nova kanalidagi so‘nggi teledebat paytida raqiblar bir birini yolg‘onchilikda aybladi. Babish Yevropa Ittifoqining "yashil kelishuv", migratsiya pakti va emissiya savdosi tizimi kabi tashabbuslarini keskin tanqid qildi. Fiala esa Babishning «mamlakatni sharqqa sudrab borishi» haqida ogohlantirgan.

«Rossiya bizni sinab ko‘rmoqda va shuning uchun biz kuchli bo‘lib qolish maqsadida qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», dedi 61 yoshli bosh vazir saylovchilarga murojaat qilib.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid