Jahon | 18:34 / 06.10.2025
92977
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng aqlli odam e’lon qilindi

50 yoshli amerikalik matematik Terens Tao IQ testida 230 ball to‘pladi. Bu hozirgi davrda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: AP

Bugungi kunda dunyodagi eng yuqori IQ egasi Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti professori, 50 yoshli Terens Tao hisoblanadi.

Sciencefocus portalining xabar berishicha, professorning IQ darajasi 230 ballni tashkil etadi. Shu bilan birga, ilgari qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlar 200 dan 250 ballgacha bo‘lgan.

«Matematika Motsarti» deb ataladigan Tao to‘qqiz yoshida universitet darajasida matematik analizni o‘rganishni boshladi va 16 yoshida Prinston universiteti aspiranturasiga o‘qishga kirdi. 20 yoshida yigit Prinstonda doktorlik darajasini oldi, to‘rt yildan so‘ng professor bo‘ldi.

Terens Tao matematika bo‘yicha ko‘plab nufuzli mukofotlar, jumladan, to‘rt yilda bir marta topshiriladigan Filds medali sohibidir. 10 yoshida u Xalqaro matematika olimpiadasining (IMO) eng yosh ishtirokchisiga aylandi va bronza medalini qo‘lga kiritdi - bu rekord hali hech kim tomonidan yangilanmagan.

Tao 18 ta kitob va 300 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Ben Grin bilan birgalikda u tub sonlardan istalgancha uzun arifmetik progressiyalar mavjudligi haqidagi teoremani isbotladi - bu sonlar nazariyasida matematika olamini larzaga solgan yangilik edi.

2025 yilda Tao ChatGPT Python tilida kod yaratish orqali matematik masala ustida soatlab ish vaqtini tejab qolganini ochiq tan oldi - sun’iy intellekt professorga yordam bergan kamdan-kam holat.

Ma’lumot uchun: IQ testi (Intelligence Quotient, intellekt koeffitsiyenti) - bu insonning kognitiv qobiliyatlarini: mantiq, xotira, muammolarni hal qilish va keng fikrlashini baholaydigan standartlashtirilgan topshiriqlar to‘plami. O‘rtacha ball - 100; 130 dan yuqori ball - yuqori intellektni anglatadi. Test ijodkorlik yoki hissiy intellektni o‘lchamaydi.

Mavzuga oid