Sport | 09:31 / 06.10.2025
10197
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Fabio Kannavaro Toshkentda

U bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirilishi mumkin.

Foto: O‘FA

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligiga nomzod Fabio Kannavaro murabbiylar shtabi a’zolari bilan birga Toshkentga yetib kelgani haqida xabar berdi.

Italiyalik mutaxassis bugun milliy jamoaning yangi bosh murabbiyi sifatida e’lon qilinishi kutilmoqda.

U milliy jamoani 2025 yil fevralidan buyon boshqarib kelayotgan Timur Kapadze o‘rnini egallaydi va jamoani JCh-2026 turniriga tayyorlaydi. Manbalar Kapadze ham uning shtabidan joy olishi mumkinligi haqida xabar bergan.

Shuningdek, Rossiyadagi sport nashrlarida 52 yoshli mutaxassisning maoshi murabbiylar shtabi xarajatlari bilan qo‘shib hisoblaganda yiliga 4 million yevro atrofida bo‘lishi haqida xabar tarqatgandi.

Avvalroq O‘FA ushbu mutaxassis bilan bilan muzokaralar o‘tkazayotganini tasdiqlagan, ammo OAVda bu masalada tarqalayotgan norasmiy xabarlarga ishonmaslikni chaqirgandi.

Hozircha kelishuv tafsilotlari noma’lum, ammo OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra u bilan avvaliga bir yillik shartnoma tuziladi, keyinchalik kelishuv muddati uzaytirilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘FA so‘nggi oylar davomida milliy jamoa boshqaruviga olib kelish uchun Yoaxim Lyov, Fotih Terim, Paulu Bentu, Slaven Bilich, Fernando Santush kabi taniqli mutaxassislar bilan ham muzokaralar o‘tkazgandi.

Mavzuga oid