Jahon | 13:37 / 07.10.2025
2585
2 daqiqa o‘qiladi

MH17 halokati: AQSh Oliy sudi Sberbank apellyatsiyasini rad etdi

Rossiya Sberbanki Manhetten sudining MH17 yo‘lovchisi oilasi bankni AQShda jinoiy javobgarlikka tortishga haqli ekanligi haqidagi qaroriga e’tiroz bildirdi. AQSh Oliy sudi apellyatsiyani rad etdi.

Foto: RIA Novosti / Maksim Blinov

6 oktyabr, dushanba kuni AQSh Oliy sudi Rossiya Sberbankining 2014 yilda Donbassda Malaysia Airlines samolyoti qulashida halok bo‘lgan AQSh fuqarosi Kuin Shansman oilasi da’vosi bo‘yicha bankni sudga berish qonuniyligi haqidagi quyi sud qaroriga e’tiroz bildirgan apellyatsiyasini rad etdi.

Shansman vafot etganida 18 yoshda edi. 2019 yil aprel oyida uning oilasi Sberbankka qarshi sudga murojaat qilib, moliya institutini 2014 yilda Ukrainaning Donetsk viloyatidagi «DXR» deb atalmish hudud jangarilarga xayriya mablag‘larini o‘tkazish uchun AQSh bank tizimidan foydalanganlikda aybladi.

Shansmanlar oilasi sudga da’vo kiritganidan bir yil o‘tmay, 2020 yil boshida Rossiya Moliya vazirligi Milliy farovonlik jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Rossiya bankidan Sberbank aksiyalarining nazorat paketini sotib oldi.

Keyinchalik, Sberbank Shansmanlar oilasining da’vosiga e’tiroz bildirdi va bu davlat tashkiloti ekanligini, uni boshqa mamlakatlarda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emasligini ta’kidladi. Biroq, Manhettendagi 2-apellyatsiya sudining uch sudyasi 2025 yil fevral oyida bu ishda suveren daxlsizlik prinsipi Sberbankka taalluqli emas degan qarorga keldi.

O‘sha paytda sudya Jozef Byanko tushuntirganidek, Rossiya Sberbanki o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR»dagi jangarilarni moliyalashtirgan va shuning uchun ularni sherik deb hisoblash mumkin. Shuning uchun Rossiya davlat banki sifatidagi maqomi unga suveren immunitetga ega bo‘lish huquqini bermaydi.

Sudyaning qo‘shimcha qilishicha, Sberbank tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari «odatiy tijorat faoliyati» bo‘lib, shuning uchun Xorijiy davlatlarning immunitetlari to‘g‘risidagi qonun (FSIA) doirasiga kirmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid