Jahon | 11:53 / 07.10.2025
2881
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya o‘z qurollari uchun xorijiy detallarni olyapti

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qurollarida Germaniya, AQSh va boshqa mamlakatlardagi ishlab chiqaruvchilarning butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Kiyev Rossiyaga urushda yordam berganlarga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda, dedi Zelenskiy.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli qurolli bosqinining to‘rtinchi yilida Rossiya Federatsiyasi o‘z qurollari uchun G‘arb komponentlarini olishda davom etmoqda. Bu haqda 6 oktyabr, dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Telegramʼda ma’lum qildi.

«5 oktyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga uyushtirilgan ommaviy zarbalar chog‘ida Rossiya Qo‘shma Shtatlar, Xitoy, Tayvan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Niderlandiya kompaniyalaridan 102 785 ta chet elda ishlab chiqarilgan butlovchi qismlarni o‘z ichiga olgan 549 ta quroldan foydalangan. Uchirilgan hujumkor dronlarda taxminan 100 688 ta xorijda ishlab chiqarilgan komponentlar, jumladan, 1500 tasi «Iskander» raketalarida, 192 tasi «Kinjal» raketalarida va 405 tasi «Kalibr» raketalarida bo‘lgan».

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh kompaniyalari, xususan, X-101 raketalari va Shahed/"Geran" dronlari uchun konverterlar, ushbu UUA hamda "Kinjal" raketalari uchun matritsalar, dron va raketalar uchun analog-raqamli konvertorlar, shuningdek, raketalar uchun mikroelektronika ishlab chiqaradi. «Har bir Shahed'dagi kamida ellik dona turli mikroelektronika Xitoy va Tayvanda ishlab chiqarilgan», — dedi Zelenskiy.

Rossiya harbiylari tomonidan uchiriladigan dronlar uchun mikrokontrollerlar Shveytsariyada, uchuvchisiz uchoqlarni boshqarish uchun mikrokompyuterlar esa Buyuk Britaniyada ishlab chiqariladi, deya davom etdi Ukraina prezidenti. Rossiya qanotli raketalari uchun optoizolyatorlar, deya qo‘shimcha qildi u, Yaponiyada, konnektorlari esa Germaniyada ishlab chiqarilgan. «Rossiya Niderlandiyada ishlab chiqarilgan protsessorlardan, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan servo drayvlar va podshipniklardan ham foydalanadi», — dedi Zelenskiy.

Mavzuga oid