Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aerokosmik ma’lumotdan foydalanish bo‘yicha hududiy reyting tizimi joriy etiladi
Prezidentning «Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjat davlat boshqaruvi, ekologik va yer nazorati samaradorligini oshirish, tabiiy resurslarni monitoring qilish, shuningdek, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni maqsad qilgan.
2026 yildan boshlab amalga oshiriladigan choralar:
- geologiya, ekologiya va yerdan foydalanish sohalarida qoidalar buzilishi holatlarini aniqlash uchun yiliga kamida 3 marta davlat kosmik monitoringini tashkil etish;
- barcha asosiy vazirlik va idoralarning ma’lumotlari integratsiya qilinishi ko‘zda tutilgan Space Gov Monitoring (SGM) yagona raqamli platformasini yaratish;
- energetika, transport, suv xo‘jaligi va kosmik ta’lim sohalarida pilot loyihalarni joriy etish;
- aerokosmik ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha hududiy reyting tizimini joriy etish;
- Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining hududiy vakolatxonalarini rivojlantirish va kadr salohiyatini mustahkamlash.
Atrof-muhitni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan: qo‘pol ravishda o‘rmonlarni kesish, paxtadan keyin qolgan poyalarni yoqish va boshqa noqonuniy harakatlar kosmik ma’lumotlar orqali kuzatiladi. Monitoring natijalari bo‘yicha undirilgan jarimalar va yetkazilgan zararning ma’lum qismi agentlik rivojiga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, quyidagilar nazarda tutilgan:
Qishloq xo‘jaligida Milliy bilim va innovatsiyalar markazining tuman darajasida filiallarini tashkil etish;
sug‘orish samaradorligini oshirish maqsadida gidromodul hududlari chegaralarini qayta ko‘rib chiqish va suv hisoblagich uskunalarini o‘rnatish.
Ushbu farmon davlat nazoratining raqamli transformatsiyasi va qishloq xo‘jaligi hamda u bilan bog‘liq sohalarda ilmiy asoslangan boshqaruvni kengaytirish uchun texnologik poydevor yaratadi.
Mavzuga oid
10:00 / 13.04.2026
Oliy ta’limda milliy tadqiqot universitetlari tashkil etiladi
10:11 / 08.04.2026
“Mening bog‘im” loyihalariga deputatlar aralashuvi kuchaytiriladi
09:45 / 07.04.2026
O‘zbekistonda “spin-off” korxonalari tashkil etiladi
10:05 / 01.04.2026