Jahon | 09:19 / 08.10.2025
2727
3 daqiqa o‘qiladi

Ekvadorda namoyishchilar prezident kortejiga hujum qildi

Ekvador prezidenti Daniel Noboaning korteji mamlakatda yonilg‘i narxi oshishiga norozilik bildirilayotgan bir paytda toshbo‘ron qilindi.

Foto: X / Presidencia_Ec

Ekvadordagi namoyishchilar avtomobillar karvoniga hujum qildi, ulardan birida prezident Daniel Noboa bo‘lgan. Prezident ma’muriyati X ijtimoiy platformasida xabar berganidek, hodisa 7 oktyabr, seshanba kuni mamlakatning markaziy qismidagi Kanar provinsiyasida sodir bo‘lgan.

Ekvador atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ines Manzanoning so‘zlariga ko‘ra, Noboa Kanardagi suv tozalash inshooti ochilishiga ketayotganida uning korteji yuzlab namoyishchilar tomonidan qurshab olingan. «500 ga yaqin odam kelib, unga tosh otdi, prezidentning mashinasida o‘qdan teshiklar ham bo‘lgan», — deya rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP.

Ekvador prezident apparati hujumga uchragan mashinalar suratlarini, shuningdek, voqea vaqtida mashinalardan biridan olingan videoni chop etdi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kortejga uyushtirilgan hujumga aloqador kamida besh kishi qo‘lga olingan. Prezident ma’muriyati ularni «terrorizm va qotillikka urinish» uchun jinoiy javobgarlikka tortishga va’da berdi.

Sentyabr oyi oxirida ham Noboaning korteji toshlar bilan hujumga uchragandi, deb xabar berdi CNN. O‘shanda prezident bilan mashinada xorijiy diplomatlar, jumladan Vatikan vakili va Yevropa Ittifoqi elchisi bo‘lgan. Siyosatchilardan hech kim jabrlanmadi.

Ekvadorda Noboaga qarshi namoyishlar sentabr oyi o‘rtalaridan beri davom etmoqda. Ularga rasmiylarning mamlakatda dizel yonilg‘isini subsidiyalashdan bosh tortishi sabab bo‘lgan. Rasmiylar bu qarorni davlat xarajatlarini kamaytirish, yonilg‘i kontrabandasiga qarshi kurashish va ijtimoiy dasturlar uchun mablag‘larni bo‘shatish istagi bilan izohladi.

O‘shandan beri Ekvador hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari bir necha bor politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, kamida bir fuqaro halok bo‘ldi. Mamlakat hukumati tartibsizliklarni uyushtirganlikda narkokartellarini aybladi va hukumat amaldorlariga qilingan hujumlarni terroristik harakatlar sifatida tavsifladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid