Jahon | 23:02 / 09.10.2025
5391
5 daqiqa o‘qiladi

HAMAS va Isroil kelishdi: urush tugaydimi?

G‘azodagi urush nihoyat tugaydiganga o‘xshayapti. 9 oktyabr kuni Isroil va HAMAS otashkesim bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. AQSh prezidenti Trampning bosimi bilan qolgan bosqichlarda ham kelishuv amalga oshsa, uchinchi yilga qadam qo‘ygan qirg‘inbarot nihoyat tugaydi. Quyida shu haqda.

Isroil chekinadi

Kelishuv haqida birinchi bo‘lib AQSh prezidenti Donald Tramp e’lon qildi. Boshqacha bo‘lishi mumkinmi axir? Tramp xuddi bizdagi juda ko‘p feyk xabarlar tarqatadigan Telegram-kanallar kabi bunaqa jiddiy bayonotlarni birinchi bo‘lib berishga intiladi. Oldingi muddatida Tramp butun boshli Amerikani Twitter orqali boshqarardi hisob.

«Katta faxr bilan Isroil va HAMAS kelishuvga erishganini e’lon qilmoqchiman. Ular biz taklif qilgan tinchlik kelishuvining birinchi bandini imzoladi. Tez orada barcha asirlar ozod qilinib, Isroil qo‘shinlari kelishilgan masofagacha chekinadi. Bu mintaqadagi mustahkam va abadiy tinchlik tomon yo‘l ochadi», deb yozdi Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

«Bu arab, musulmon olami, Isroil, barcha qo‘shni davlatlar va AQSh uchun buyuk kun. Vositachilik uchun Qatar, Misr va Turkiyaga rahmat aytamiz», deb qo‘shimcha qildi Amerika prezidenti.

Muzokaralarning hal qiluvchi bosqichi Misrning Sharm ash Shayx kurort shahrida o‘tkazilgan. Unda Amerika tomondan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff, prezidentning yahudiy kuyovi Jared Kushner, Qatar bosh vaziri hamda Turkiya razvedkasi rahbari ishtirok etgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham bu mamlakat uchun buyuk kun bo‘lganini yozdi. U TSAHAL askarlari va Trampga alohida minnatdorlik bildirdi.

Bosib olish rejasi-chi?

Endi videoning eng asosiy joyiga yetib keldik. Netanyahuning bayonotidagi bir qismiga e’tibor qiling: «Yaratganning inoyati bilan barcha maqsadlarimizni amalga oshirib, qo‘shnilarimiz bilan tinchlikka erishishda davom etamiz». Bilasizmi, bu gapni o‘qigach o‘zi chindan Netanyahuning sahifasimi bu, deb qayta tekshirib ko‘rdim. Axir kechagina Nyu-Yorkda BMT minbarida turib Falastinni «terrorchi davlat» deb atagan xuddi mana shu Netanyahu emasmidi? «Terror davlati» endi birgalikda tinchlikka erishiladigan qo‘shni bo‘lib qoldimi, janob bosh vazir?

Yoki bo‘lmasa, xuddi shu Netanyahu yaqindagina G‘azoni bosib olish rejasi haqida e’lon qilib, bo‘lgani okkupatsiya qilishga kirishmaganmidi? Nima bo‘ldiki, Isroil bosh vaziri qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqishga majbur bo‘lmoqda? Sababi oddiy, Amerikaning bosimi zo‘r kelsa, Isroil ortiq haddidan osholmaydi. Mashhur serialda MRB vakili Mossad vakiliga aytganiday, Yaqin Sharqda avval Amerika manfaati, keyin Isroilning manfaati ustun turadi. AQSh har qancha Isroil mavjudligining sababchisi bo‘lmasin, baribir o‘z manfaatlarini ustun qo‘yadi.

Amerika endi bir zamonlardagiday yahudiylar davlatiga hamma narsani qilishga ruxsat berolmaydi, chunki global kuch sifatida qolishni istasa, musulmon olami, katta energoresurslar ustida o‘tirgan arablar manfaatini ham o‘ylashga majbur. Bir burdagina Isroil uchun Amerika butun dunyo bilan urushadigan davrlar o‘tib bo‘ldi. Falastinni to‘liq okkupatsiya qilishni rejalashtirgan Isroil G‘azodan chekinib, HAMAS bilan kelishuv imzolashini boshqacha izohlab bo‘lmaydi.

Ana shunaqa, janob Netanyahu. Zo‘r kelsa, chidaysiz. Falastinni odamga o‘xshab qo‘shni deysiz, ikki daryo orasidagi barcha yerlarni egallashdek absurd rejalaringizni bir chekkaga surishga majbur bo‘lasiz. Ishqilib, Netanyahu hukumatidagi ikki millatchi kelishuv amalga oshishiga xalaqit bermasa bo‘lgani...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid