Jahon | 11:19 / 10.10.2025
2517
2 daqiqa o‘qiladi

FT: NATO Rossiyaning gibrid urushiga qurolli javobini muhokama qilmoqda

NATO Rossiyaning kuchayib borayotgan provokatsiyalariga javob berish variantlarini muhokama qilmoqda, deb xabar beradi FT. Dushman uchuvchisiz uchoqlariga qanday sharoitlarda o‘t ochish mumkinligi muhokama masalalaridan biridir.

Foto: Anita Walczewska/Eastnews/IMAGO

NATO davlatlari Rossiyaning ittifoq havo kengliklarida kuchayib borayotgan provokatsion harakatlariga javob berish variantlarini muhokama qilmoqda. Xususan, Rossiya bilan chegarada qurolli dronlarni joylashtirish va havoda dushman nishonlariga o‘q uzish mumkin bo‘lgan vaziyatlarni tartibga soluvchi qoidalarni yumshatish muhokama qilinadi. Bu haqda 9 oktyabr, payshanba kuni Financial Times o‘z saytida ma’lum qildi.

Bu muzokaralar Moskvaning «gibrid urushi» narxini oshirish va NATO havo hududi uchuvchisiz uchoqlar va Rossiya qiruvchi samolyotlari tomonidan bir necha marta buzilganidan so‘ng aniq javob choralarini ko‘rishga qaratilgan, deya xabar beradi jurnalistlar NATOdagi to‘rt manbaga tayanib.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mavzudagi muhokamalar NATOga a’zo Rossiya bilan chegaradosh davlatlar tashabbusi bilan Fransiya va Buyuk Britaniya ko‘magida boshlangan. Biroq, keyinchalik alyans doirasidagi muhokamalar yanada kengroq miqyosga ega bo‘ldi.

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya harbiy faoliyati to‘g‘risida razvedka ma’lumotlarini to‘plash uchun qurolli razvedkachi dronlardan foydalanish, shuningdek, NATOning sharqiy chegaralarida patrullik qilayotgan uchuvchilar uchun xavf tug‘diruvchi obektni urib tushirish joiz bo‘lgan holatlarda «chegarani pasaytirish» takliflar orasida bor.

Yana bir javob varianti — Rossiya bilan chegarada, xususan, olis va xavfsizroq hududlarda NATO harbiy mashqlarini o‘tkazish.

So‘nggi oylarda ba’zi kuzatuvchilar Rossiyaga tegishli deb hisoblagan noma’lum uchuvchisiz uchoqlar NATO havo hududini bir necha bor buzgan va alyansga a’zo bir qancha davlatlarda aeroportlar faoliyatini to‘xtatgandi.

Mavzuga oid