O‘zbekiston | 14:21 / 10.10.2025
2052
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Pokistonning Karachi shahriga parvozlar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan Karachi shahrida sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

Tadbir O‘zbekistonning turistik salohiyatini xalqaro miqyosda, jumladan Pokiston jamoatchiligi orasida keng targ‘ib etish, mamlakatimizga xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida tashkil etildi.

Qatnashchilar shu yilning 30 oktyabridan 13 noyabrigacha Samarqand shahrida so‘nggi 40 yilda ilk bor Parijdan tashqarida YuNeSKO bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabardor qilindi. Bu nufuzli anjuman O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va madaniy meros sohasidagi obro‘si yuksalib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan hozirda Pokistonning Islomobod va Lahor shaharlariga muntazam reyslar amalga oshirilayotgani, yaqin istiqbolda Karachiga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.

BMG Group kompaniyasi raisi Muhammad Motivala O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U mamlakatning barqaror iqtisodiy muhiti va infratuzilmaviy imkoniyatlari pokistonlik investorlar uchun katta istiqbollar yaratayotganini ta’kidladi. Motivala Karachi va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ham qayd etdi.

Pokiston sayyohlik agentliklari uyushmasi raisining o‘rinbosari Muhammad Ilyas esa O‘zbekistonning ziyorat va islom sivilizatsiyasi turizmi borasidagi ulkan salohiyatiga e’tiborni qaratib, ikki mamlakat o‘rtasida maxsus ziyorat va madaniy sayohat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid