Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin: Rossiya Markaziy Osiyo davlatlarida GES va AES qurishga tayyor
Rossiya prezidenti «Markaziy Osiyo – Rossiya» ikkinchi sammitida investitsiyalarni yanada ko‘paytirish va Rossiyaning mintaqa mamlakatlaridagi yirik energetika loyihalarida ishtirok etishi rejalarini e’lon qildi.
Foto: TASS
Rossiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari umumiy hajmi 20 milliard dollardan oshdi, biroq, bu mintaqadagi hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yetarli emas, dedi prezident Vladimir Putin.
9 oktyabr kuni Dushanba shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo – Rossiya» ikkinchi sammitida Putin investitsiyalarni yanada ko‘paytirish va Rossiyaning mintaqa mamlakatlaridagi yirik energetika loyihalarida ishtirok etishi rejalarini e’lon qildi.
Rossiya rahbari so‘zlariga ko‘ra, Moskva nafaqat an’anaviy uglevodorod loyihalarida, balki atom va gidroelektr stansiyalarini qurish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va suv-energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishga tayyor.
«Rossiya kompaniyalari yangi GES qurilishiga, shuningdek, suv-energetika infratuzilmasidan xavfsiz foydalanish, suv resurslari va transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan loyihalarga ham qo‘shilishga tayyor», dedi Putin.
U, shuningdek, gap «Rossiyaning zamonaviy texnologiyalari» va mintaqa energetika tizimiga qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish haqida ketayotganini ta’kidladi.
Putin so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 45 milliard dollardan oshgan, Rossiya tomonidan mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 20 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan va bu yetarli emas. U, ayniqsa, texnologik va sanoat yo‘nalishlarida, jumladan, import o‘rnini bosish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Hamkorlikning amalga oshirilgan yo‘nalishlaridan biri gidrouzellarni modernizatsiya qilish bo‘lib, ularning aksariyati sovet davrida qurilgan. Xususan, Rossiyaning Amudaryo va Sirdaryo havzalarida infratuzilmani modernizatsiya qilishdagi ishtiroki, shuningdek, suvni tejash, suvdan qayta foydalanish texnologiyalarini joriy etish va Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar barpo etish loyihalari tilga olindi.
Bundan tashqari, Putin Rossiya allaqachon Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma dasturlar uchun 33 million dollardan ortiq mablag‘ ajratganini aytdi. Shuningdek, Rossiya kichik atom elektr stansiyalari qurilishida ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
23:45 / 21.12.2025
Mirziyoyev, Rahmon va Japarovga Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti topshirildi
16:05 / 20.12.2025
Kiyev YeI sammiti haqida: RFning Ukrainani qulatishga qaratilgan hisob-kitobi barbod bo‘ldi
15:21 / 20.12.2025
B rejasi: Nega YeI Ukrainaga Rossiya zaxiralarini bermadi?
14:29 / 20.12.2025